Alisa Mixaylovna Galliamova (ruscha: Алиса Михайловна Галлямова, tatarcha: Алисә Михаил кызы Галләмова; 1972-yil 18-yanvarda Qozon shahrida tugʻilgan)[1] — FIDE xalqaro ustasi (IM) va ayol grossmeyster (WGM) unvonlariga ega boʻlgan rossiyalik shaxmatchi. U 1999-yil va 2006-yillarda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida ikki marta ikkinchi oʻrinni egallagan va ayollar oʻrtasida uch karra Rossiya chempioni (1997, 2009, 2010-yillar) boʻlgan. U 1993-yildan 2001-yilgacha, „Alisa Galliamova-Ivanchuk“ nomi bilan tanilgan.

Alisa Galliamova

U Rossiya terma jamoasida, 2010-yilda ayollar oʻrtasidagi shaxmat olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Ukraina jamoasi bilan esa 1992-yilda ayollar oʻrtasidagi Yevropa jamoaviy shaxmat chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan.

Faoliyati tahrir

Galliamova 1987 va 1988-yillarda 16 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqqan. 1988-yilda u oʻsmir qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida ham gʻolib chiqdi.

1997-yil dekabr oyida u Gollandiyaning Groningen shahrida oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatiga nomzodlar turnirida gʻolib chiqdi. U 1998-yil avgust oyida Xie Jun (1997-yilgi nomzodlar turnirida ikkinchi oʻrinni egallagan) bilan oʻyin oʻtkazishi kerak edi va bu oʻyin gʻolibi, 1998-yil noyabr oyida Ayollar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatida Susan Polgar bilan oʻyin oʻtkazishi kerak edi.

Biroq, Xie Jun bilan oʻyin belgilab qoʻyilganidan soʻng, Galliamova eʼtiroz bildirdi, chunki butun oʻyin raqibining vatani, Xitoyda oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Bunga sabab, faqat Xitoyning oʻyinga taklif qilgani boʻlgan. Galliamova oʻyinning yarmini Rossiyaning Qozon shahrida oʻtkazishni xohlardi. Biroq, ruslarda talab qilinadigan pul yoʻq edi[2]. Nihoyat, Galliamova oʻyinga kelmaganida, u magʻlubiyatga uchragan deb eʼlon qilindi.

Keyin FIDE 1998-yilning noyabriga Xie Jun va Susan Polgar oʻrtasidagi oʻyinni belgiladi. Biroq, Polgar homilador boʻlgani uchun oʻsha vaqtda oʻynay olmasligini aytdi. 1999-yil mart oyida Polgar oʻzining birinchi oʻgʻli Tomni dunyoga keltirgach, FIDE yana oʻyinni rejalashtirishga harakat qildi. Bu safar Polgar emizikli boʻlgani uchun oʻyin oʻynay olmasligini aytdi.

Nihoyat, 1998-yilda boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan oʻyinni tashkil qilish uchun bir necha bor urinishlardan soʻng, FIDE Polgar unvonidan mahrum boʻlganini va unvon boʻsh qolganini eʼlon qildi[3]. FIDE Galliamovani siklga qaytarishga qaror qildi va 1999-yilda ayollar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionati uchun Xie Jun va Galliamova oʻrtasida oʻyin oʻtkazdi. Bu safar Galliamova oʻynashga tayyor edi, chunki uning asl talabi Rossiya oʻyinning yarmiga homiylik qilish uchun pul ishlab topgani bilan qondirilgan edi. Oʻyin 1999-yil avgust oyida Rossiyaning Qozon va Xitoyning Shenyan shaharlarida boʻlib oʻtdi va Xie Jun 8,5-6,5 hisobida gʻalaba qozondi[4].

2006-yil mart oyida Galliamova yana Syu Yuxuaga qarshi FIDE ayollar oʻrtasidagi jahon chempionati finaliga chiqdi[5].

2017-yilda Rigada oʻtkazilgan ayollar oʻrtasidagi Yevropa chempionatida uchinchi oʻrinni egalladi[6].

Shaxsiy hayoti tahrir

Uning otasi rus, omasi esa tatar millatiga mansub boʻlgan (Galliamova — onasining familiyasi qolgan).

Galliamova dunyoning eng reytingi baland shaxmatchilaridan biri boʻlgan ukrainalik grossmeyster Vasiliy Ivanchuk bilan turmush qurgan. Ammo, ular 1996-yilda ajrashishgan[7].

Manbalar tahrir

  1. „Alisa Galliamova“ (ru). ruchess.ru. Russian Chess Federation.
  2. „Xie-Galliamova: From Beginning to End By Sun Lianzhi“. SamSloan.com. 2007-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 10-sentyabr.
  3. Crowther. „The Week in Chess 242: Willy Iclicki replies to Zsuzsa Polgar“. The Week in Chess (1999-yil 28-iyun).
  4. „Xie Jun defeats Alisa Galliamova in match for Woman's World Chess Championship“. SamSloan.com. 2007-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 10-sentyabr.
  5. „Xu Yuhua is the eleventh Women's World Champion“. Chessbase.com (2006-yil 25-mart). Qaraldi: 2011-yil 14-avgust.
  6. Crowther. „18th European Women's Championship 2017“. The Week in Chess (2017-yil 23-aprel). 2017-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-avgust.
  7. Arvind Aaron. „The World championship is my priority“. Sportstar. 25-jild, № 2. Qaraldi: 10 February 2016.