Analitik kimyo — moddalar tarkibini aniqlash usullari haqidagi fan. U sifat analizi va miqdoriy analizga boʻlinadi.

Tarixi tahrir

Analitik kimyoning vujudga kelishi va rivojlanishi turli ishlab chiqarish sohalarining paydo boʻlishi va taraqqiy etishi bilan bogʻliq. Miqdoriy analiz rudalar va tayyor mahsulotlar tarkibidagi oltin, kumush va boshqa metallarning miqdorini aniqlashdan iborat boʻlgan edi; keyinroq borib, u ilmiy asosda yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi zamon kimyosining tugʻilish davri (17-asr oʻrtasi — 18-asr oxiri)da analitik kimyo moddalarning kimyoviy tarkibini oʻrganadigan fan deb hisoblanardi. 17-asr oʻrtalarida Robert Boyl suvli eritmalardagi anorganik moddalarning miqdoriy analiziga asos soldi. 19-asr boshida Jozef Gey-Lussak hajmiy analizni, oʻsha asrning oʻrtasida esa R. Bunzen va R. Kirxgof spektral analiz asoslarini ishlab chiqishdi. 20-asrda Analitik kimyoga fizik va fizik-kimyoviy usullar (masalan, kolorimetriya, rentgen, lyuminessensiya, elektron mikroskopiya, elektr analiz usullari va boshqalar) tobora koʻproq joriy etildi. Shu bilan bir vaqtda analitik kimyo amaliy maqsadlarda keng qoʻllanila boshladi.

Turlari tahrir

Tekshirish obyektiga koʻra analitik kimyoni anorganik moddalar analizi va organik moddalar analiziga boʻlish rasm boʻlgan. Anorganik moddalarning sifat analizida eritmadagi ionlarni topish uchun, odatda, yaxshi seziladigan har xil (rang hosil boʻlishi yoki eritma rangining keskin oʻzgarishi, gaz ajralib chiqishi kabi jarayonlar bilan boradigan) reaksiyalardan foydalaniladi. Organik moddalarning sifat analizida esa maxsus usullar qoʻllaniladi. Oddiy modda yoki biror birikmadagi elementning miqdorini aniqlashda uning biror fizik xossasi (masalan, ogʻirligi, hajmi, zichligi, nur sindirish koʻrsatkichi, elektr oʻtkazuvchanligi, sirt tarangligi va hokazolar) oʻlchanadi. Element yoki moddalar miqdori va oʻlchanadigan fizik xossalar oʻrtasida analitik yoki grafik ifodalangan maʼlum funksional bogʻliqlik boʻlishi kerak. Vazniy analiz va titrlash usullari modda miqdori bilan uning ogʻirligi yoki hajmi orasida toʻgʻri proporsional bogʻliqlik saqlanishiga asoslanadi. Spektral usullarda element miqdori bilan analitik spektr chiziqlarining ravshanlik darajasi oʻrtasidagi proporsional bogʻliqlikka maʼlum chegarada rioya qilinadi. Fotometrik analizda esa moddaning konsentratsiyasi bilan nurning yutilishi oʻrtasidagi proporsional bogʻliqlik eʼtiborga olinadi. Element (modda) miqdorini oʻlchashdan avval, odatda, u boyitiladi va aniqlanadigan element qulay birikma holida ajratib olinadi. Koʻpchilik usullar selektiv va sezgir boʻlmaganligi uchun moddalarning miqdorini oʻlchashda ularni guruhlarga boʻlib, ayrim elementlarni choʻktirib, haydab, ekstraksiyalab ajratish katta ahamiyatga ega. Birga boʻladigan koʻpchilik ionlarning choʻkishiga va ekstraksiyalanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni barqaror kompleks ionlarga aylantirish mumkin. Aniqlanadigan elementni eritmadan elektroliz qilib erkin holda yoki oksid holida ajratib olsa boʻladi. Maʼlum sharoitni tanlab, bir xil elementlarni elektrodda choʻktirib, boshqalarini esa eritmada qoldirishga erishiladi. Koʻpchilik metallarning oz miqdorini ajratib olish uchun ichki elektroliz usuli qoʻllaniladi. Eng qulay ajratish usullaridan biri xromatografiya hisoblanadi. Organik analizda elementlar miqdorini aniqlash uchun modda avval SO2, N2O, N2, NH3 va hokazolargacha parchalanadi. Keyinchalik ularning miqdori anorganik analiz usullarida aniqlanadi. Miqdoriy elementar analiz birikmaning brutto-formulasini aniqlash imkoniyatini beradi. Organik birikmalarning struktura formulasini aniqlash uchun funksional analiz oʻtkaziladi. Unda har qaysi funksional guruh uchun tavsifli reaksiyalardan foydalaniladi. Tabiat va sanoat obyektlaridagi elementlarning nihoyatda oz miqdorini aniqlash zarur boʻlgani uchun analitik usullar (mikrokimyoviy, ultramikrokimyoviy va yarim-mikrokimyoviy usullar)ning sezgirligini oshirish yoʻlida ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonda A.k-.ni rivojlantirishga Sh. T. Tolipov, N. A. Parpiyev va boshqa olimlar katta hissa qoʻshdilar.

Adabiyotlar tahrir

  • Mirkomilov A M., Analitik kimyo, T., 1996.