Astrometriya (astro… va yunoncha metreo– oʻlchayman) – astronomiya boʻlimlaridan biri. Osmon jismlari vaziyatlarini va oʻziga xos xususiy harakatlarini aniqlash, ular oraligʻidagi burchakni oʻlchash va Yer yuzidagi joylarning geografik koordinatalarini hamda azimutii belgilash, vaqtni oʻlchash, osmon jismlari diametrlarini va ular sirtidagi detallarning oʻzaro uzoqligini aniqlash kabi masalalar bilan shugʻullanadi. Asosiy boʻlimlari: fundamental Astrometriya, fotografik va meridian Astrometriya, sferik astronomiya, vaqt va geografik kenglik xizmati. Astrometriyaning hamma sohalarida olib boriladigan kuzatish ishlari astronomik asboblar yordamida bajariladi; shuning uchun astronomik asboblarga tegishli xatolarni oʻrganish va ularning qiymatini topish Astrometriya bilan bogʻliq muhim masalalardan biri hisoblanadi. Fundamental Astrometriyaning asosiy vazifasi – osmon yoritqichlarining koordinatlarini, muhim astronomik doimiylikni aniqlash, yulduz kataloglarini tuzish. Osmon yoritqichlarining koordinatlari odatda meridian doira yoki passaj hamda vertikal doira deb ataladigan maxsus kuzatish asboblari yordamida aniqlanadi. Bunday kuzatishlar har bir yoritqichningmeridiandan oʻtish vaqtida olib boriladi.

Voshingtondagi dengiz observatoriyasining binosi, AQSH (inglizcha: US Naval Observatory', yoki USNO)

Yoritqichlarning koordinatlarini aniqlashda ikki xil yoʻl tutish mumkin: 1) mutlaq usul; bunda yoritqichlar koordinatlaridan tortib hamma zarur maʼlumotlar yangidan, hech qanday eski kuzatishlarga asoslanmasdan topiladi; 2) nisbiy yoki differensial usulda esa yoritqichlarning koordinatlari oldingi vaziyatlari yaxshi maʼlum boʻlgan bir qator yulduzlarga nisbatan kuzatiladi. Shunday yoʻl bilan aniqlangan koordinatlar yulduz kataloglarida beriladi. Astronomiyaning juda koʻp masalalarini hal etishda yulduzlarning aniq koordinatlaridan tashqari yana ularning oʻziga xos xususiy harakatlari ham maʼlum boʻlishi kerak. Shuning uchun Astrometriyaning yana bir muhim vazifasi bir qancha yulduzlarning osmon sferasida deyarli vaqt oʻzgarmay qoladigan koordinata tizimida aniqlangan vaziyatlari va xususiy harakatlari berilgan fundamental katalog tuzishdan iborat. Yulduzlarning xususiy harakatlarini aniqlashda fundamental kataloglar muhim oʻrin tutadi. Astrometriyadagi eng ogʻir masalalardan biri xatolik hisoblanadi. Eng yaxshi fundamental kataloglarda keltiriladigan yulduz koordinatlarining aniqligi ±0,1".

Astronomiya tarixida birinchi yulduz kataloglari Xitoy astronomi Shi SHen (miloddan avvalgi 4-asr) va yunon olimi Gipparx tomonidan (miloddan avvalgi 2-asr) tuzilgan. 15-asrda Ulugʻbek rahbarligida tuzilgan katalogda 1018 ta yulduzning vaziyati keltirilgan.

18-asr birinchi yarmiga kelib Astrometriya vazifalarini aniqroq yechishga moslanib maxsus optik asboblar yasaldi. Masalan, Pulkovo astronomiya rasadxo-nasiga oʻrnatilgan ana shunday optik asboblar mutlaq kataloglar tuzishda katta rol oʻynadi. Keyinchalik Germaniya va boshqa davlatlarda qator rasadxonalar, jumladan Toshkent rasadxonasi kuzatishlariga asoslangan fundamental kataloglar, masalan, FKZ, FK4, FK5 tuzildi. Astronomiya doimiylaridan biri Quyosh parallaksini aniqlash Astrometriyaning muhim vazifalaridandir; chunki astronomik birlikni ifodalovchi bu kattalik sayyora va yulduzlargacha boʻlgan masofalarni oʻlchashda asos qilib olinadi. Pretsessiya, nutatsiya va aberratsiyani aniqlash ham Astrometriya vazifalaridan hisoblanadi. Olis yulduzlarning vaziyati va xususiy harakatlari fotografik Astrometriya usullaridan foydalanib aniqlanadi. Buning uchun astrograf yordamida osmonning maʼlum qismlari fotosuratga olinadi. Olingan fotosurat – astronegativda chiqqan yulduzlarni maxsus asboblar yerdamida oʻlchash yoʻli bilan ularning vaziyatlarini shu astronegativda bor boʻlgan va aniq koordinatlari kataloglarda berilgan bir qator yorugʻ yulduzlarga nisbatan hisoblab topiladi. Bunday masalani yechishda astronegativdagi toʻgʻri burchakli koordinatalar tizimidan osmondagi sferik koordinatalar tizimiga oʻtish muhim oʻrin tutadi. Yulduzlarning xususiy harakatlarini fotografik Astrometriya usulidan foydalanib topish uchun oraligida 20–30 yil vaqt oʻtgan va markazlari bir-biriga mos keladigan ikki astronegativ birga oʻlchanadi. Soʻngra hisoblash yerdamida oʻlchangan natijalardan har bir yulduzning yillik xususiy harakati sferik koordinatalar tizimida topiladi. Fotografik Astrometriya yerdamida aniqlangan natijalar odatda meridian kuzatishlardan olingan natijalardan 1,5–2-marta aniqroq boʻladi. Lekin bunday aniqlikka erishish uchun fotografik Astrometriyaga xos boʻlgan bir qator xatoliklarni nazarda tutib ish koʻriladi.

Jahonda bajarilgan eng katta Astrometriya ishlari sifatida 1933 – 38 yillarda Toshkentdagi va boshqa rasadxonalarda birgalikda tuzilgan „Geodeziya yulduzlari katalogi“ ni koʻrsatish mumkin. „Xira yulduzlar katalogi“ Astrometriya sohasidagi yana bir katta ish boʻlib, uni tuzishda bir necha rasadxonalarning, jumladan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti qatnashishi ham koʻzda tutilgan. Yuz yillar davomida osmon sferasida sezilarli darajada siljimaydigan galaktikalarga tayangan koordinatalar tizimidagi „Xira yulduzlar katalogi“da kuzatish dasturiga kiritilgan hamma yulduzlarning vaziyatlari va xususiy harakatlari berilishi kerak. Bu ishni yanada kengroq olib borish maqsadida osmonning janubiy yarim sharidagi yulduzlar Chili va Boliviyadagi rasadxonalarda muntazam kuzatilmoqda. Astrometriyaga doir tadqiqotlarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti va Tosh-DU astronomiya kafedrasi faol qatnashadi[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar tahrir