Badiiy buyumlar – chiroyli shakllarda bezatib ishlangan, turli maqsadlarda foydalaniladigan nafis buyum va zeb-ziynatlar. Uy-roʻzgʻor anjomlari, kiyim-kechak, mehnat qurollari, badiiy gazlama, gilam, palos, soʻzana, qurol-aslaha, mebel kabi moddiy madaniyat asarlari, tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat, bezak sanʼati mahsulotlarini oʻz ichiga oladi. Baʼzi mamlakatlar oʻz B. B.i bilan mashhur (xitoy chinnisi, eron gilami, hind fil suyagi mahsulotlari, chex shishasi, oʻzbek atlasi va boshqalar). Jamiyat taraqqiyoti B. B. tayyorlash usuli (haykaltaroshlik, kulollik, zargarlik, miskarlik, degrezlik, naqqoshlik, oʻymakorlik, koshinkorlik va boshqalar)ni ham takomillashtirdi, badiiy hunarmandlikning yangi sohalari (kashtadoʻzlik, doʻppidoʻzlik, zardoʻzlik, shishasozlik va boshqalar)ni yuzaga keltirdi. Oʻzbekiston hududida B. B. ishlab chiqarish 20-asrning 20-yillaridan keng yoʻlga qoʻyila boshlandi. 60-yillardan mazmunan boyidi, turlari koʻpaydi; anʼanaviy B. B. qardosh xalqlar yaratayotgan mahsulotlar hisobiga ham boyimoqda. Badiiy sanoatning rivojlanishi (Toshkent chinni zavodi, Tashkent zargarlik zavodi, Buxoro zardoʻzlik fabrikasi, Atlas birlashmasi, Mikond zavodi va boshqalar) B. B. ishlab chiqarish koʻlamini yanada kengaytirdi va rivojlantirmoqda.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil