Bagram, Begram – qadimgi Kapisa shahri (Afgʻoniston)ning harobalari. Qobuldan 60 km shimolida joylashgan. Afgʻonistondagi fransuz arxeologik missiyasi aʼzolari (J. Aken, R. Girshman) tomonidan 1936–41 yillarda oʻrganilgan. Shahar miloddan avvalgi 1-asrda vujudga kelib, milodiy 4-asrning 2-yarmida Kobulning yuksalishi munosabati bilan huvillab qolgan. Shahar xom gʻishtdan qilingan mustahkam mudofaa devori (harobalari saqlangan) bilan oʻralib, uning qalinligi 10 m dan ziyod boʻlgan, devorda toʻgʻri burchakli minoralar oʻrnatilgan. Qazishmalar natijasida markaziy koʻcha, turar joy binolari va qisman saroy ochilgan. Topilmalar orasida fil suyagidan ishlangan buyumlar, inson tasviri va naqshlar tushirilgan eshiklar va uy jihozlari, shuningdek mahalliy ustalar va chetdan (Hindiston, Xitoy, Suriya va boshqalar) keltirilgan shisha va jez buyumlar ayniqsa qimmatlidir.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Bagram" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil