Balneoterapiya (balneo... va terapiya) — tabiiy va sunʼiy tayyorlangan mineral suvlar bilan davolash. Bemorlarga buyuriladigan mineral suvning fizikkimyoviy xossasi va tarkibi har xil boʻladi. Undagi gazlar, tuz eritmalari, mikroelementlar va boshqa moddalar odam organizmiga fiziologik va shifobaxsh taʼsir qiladi. Mineral suv, asosan, vanna sifatida va ichish uchun buyuriladi. Undan foydalanishda umumiy va mahalliy vannalar, dush, basseynlarda choʻmilish, ogʻiz, burun, tomoqni chayish, ingalyatsiya, meʼda-ichaklarni yuvish kabi usullar keng tarqalgan. Mineral suvlarning shifobaxshligi ular tarkibida karbonat angidrid, vodorod sulfid, azot, radioaktiv modda — radon va boshqa mineral tuzlar borligiga asoslangan. Mineral suvli vannalar organizmdagi fiziologik va biologik jarayonlarga teri reseptorlari, nafas yoʻllaridagi reseptorlar orqali mexanik, termik, kimyoviy va radiatsion taʼsir koʻrsatadi. Gazli mineral suv vannalari tarkibidagi kimyoviy birikmalar va pufakchalar teri orqali koʻproq taʼsir etadi. Mineral suv ichilganda meʼda-ichak yoʻlining shilliq pardasiga temperaturasi, mineral moddalari va gazlari bilan taʼsir koʻrsatadi. U ovqatdan bir oz oldin ichilsa, meʼdadan shira chiqishi tezlashadi, 1—2 soat ilgari ichilganda esa sekinlashadi. Shuning uchun meʼdadan shira chiqishi kamayganda ovqatdan bir oz oldin, oshib ketganda esa ovqatdan 1 — 1,5 soat ilgari ichiladi. Mineral suv meʼda-ichak faoliyatigagina emas, balki butun organizmdagi moddalar almashinuviga, qon aylanishiga taʼsir qiladi. Issiqsuv tomir urishini tezlashtirsa, sovuq suv sekinlashtiradi va tomir tonusini kuchaytiradi. Organizmda suv, kislota-ishqor muvozanatini, oqsillarning kolloidal xususiyati va dispersligini, hujayralarning suv biriktira olish xususiyatini oʻzgartiradi, organizmdagi tuzlar muvozanati ham bir qadar oʻzgaradi. Balneologik kurortlarda tabiiy karbonat angidridli, vodorod sulfidli, radonli, yod-bromli, xlorid va natriyli tuzlari boʻlgan mineral buloq suvlaridan davo sifatida foydalaniladi. B. vrach bilan maslahatlashib, uning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan holda, koʻpincha balchiq bilan davolash, iqlim bilan davolash va parhez kabi kompleks davo usullari bilan birga amalga oshiriladi.

Karim Ioʻldoshev

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil