Bamiya, Gambo (Hibiscus esculentus L.) — gulxayridoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimlik. Boʻyi 2,5 m gacha boradi. Tashqi koʻrinishi va gullashi bilan gʻoʻzaga oʻxshaydi. Vatani — Sharqiy Afrika. Navlari sabzavot va tola beradigan guruhlarga boʻlinadi. Hindiston, Afrika va AQShda tola olinadigan navlari ekiladi. Yetilmagan koʻsaksimon mevasi sabzavot koʻkat tarzida suyuq ovqat va salatlarga ishlatiladi. Mevasida 3% oqsil, 0,5% yogʻ, 8% uglevodlar, pishgan urugʻi tarkibida 18% moy bor. Mevasini xomligicha yeyish, pishirish, qovurish, konservalash mumkin. Poyasi oq dagʻal tola beradi; qovurilgan urugʻidan sunʼiy kofe tayyorlanadi. Tropik, subtropik mamlakatlarda, Shim. Amerika, Jan. Yevropa, Zakavkazye, Krim, Ukrainaning janubi, qisman Markaziy Osiyoda, asosan, sabzavot ekini sifatida yetishtiriladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil