Bangkok yoki Krung Thep Maha NakhonTailand poytaxti. Mamlakatning janubida, Menamchao-Praya daryosining chap sohilida (oʻng sohilida Bangkokning bir qismi — Tonburi joylashgan). Aholisi 8,2 mln. kishi (2010). Koʻpchiligi siyomliklar, qisman xitoylar. Bangkok mamlakatning eng katta shahri, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi, yirik tashqi savdo porti, xalqaro miqyosdagi aeroport bor. Bangkokda mamlakat sanoat korxonalarining yarmidan koʻpi, jumladan eng yirik kemasozlik, taxta tilish, qogʻoz, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari, toʻqimachilik fabrikalari, metallsozlik, mashinasozlik, badiiy hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan. Shahar atrofida sement, neftni qayta ishlash, traktor va avtomobil yigʻuv zavodlari bor. Sholi oqlash poytaxt sanoatining asosiy tarmogʻidir. Mamlakatning 75% eksporti va 90 % importi Bangkok orqali oʻtadi. Universitet (1917), ijtimoiy fanlar universiteti, tasviriy sanʼat universiteti, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, politexnika institutlari, radiostansiyalar va telemarkaz, milliy muzey, kutubxonalar, oʻnlab teatr va kinoteatrlar bor. Bangkokning markaziy qismida qirol qarorgohi, asosiy maʼmuriy va hukumat binolari, saroylar, budda ibodatxonalari joylashgan. Tailandning qadimiy poytaxti Ayutiya shahri Birma qoʻshinlari tomonidan (1767) buzilgandan keyin qirol qarorgohi 1769-yil Bangkokga koʻchirildi va 1782-yil Bangkok rasman poytaxt deb eʼlon qilindi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil