Berta Dovidova

xonanda, maqom yoʻllari mohir ijrochisi. Oʻzbekiston xalq artisti

Berta Dovidova (20-dekabr 1922, Margʻilon – 11-avgust 2007, Toshkent) – xonanda, maqom yoʻllari mohir ijrochisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1964). Toshkent tibbiyot bilim yurtini tugatgach (1938), hamshira boʻlib ishlagan (1938 – 43). Avval havaskor xonanda sifatida tanilgan, keyinchalik Yu. Rajabiy, Sh. Sohibov, M. Yusupov, I. Ikromov, Yo. Dovidovlar yordamida xonandalik mahoratini oshirgan. Oʻzbekiston radiosi qoshidagi xor jamoasida (1943), oʻzbek va tojik ansambllarida (1944—60), „Maqom ansambli“da (1960—87) yetakchi xonanda. Maftunkor, mayin va shirador ovoz sohibasi D.ning ijro uslubida chuqur falsafiy mazmun nafis oxangdorlik bilan uygʻunlashgan. D. repertuaridan oʻrin olgan „Munojot“ (I. Ikromov), „Bayot I, II, V“, „Navo“ maqomidagi „Talqini Bayot“, „Nasri Bayot“, Rost maqomidagi „Nasri Ushshoq“, „Ufari Ushshoq“, Dugoh maqomidagi „Saraxbori Oromijon“, „Ufari Oromijon“, shuningdek, „Samarqand Ushshogʻi“, „Figʻon“, „Dugoh“ va b. mumtoz ashulalar uning ijrosida nozik, ichki hissiyotlarga boy, yuksak badiiy ifodasini topgan. D. ning ijro dasturidan oʻzbek va tojik xalq qoʻshiqlari, bastakorlar ashulalari („Dilnavozim“, S. Kalonov; „Koʻnglima“, O. Qosimov; „Qiz sevgisi“, N. Hasanov va b.) ham oʻrin olgan. Moskvada oʻtkazilgan Oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasi (1959) ning qatnashchisi. D. ijro etgan koʻpgina maqom yullari gramplastinka („Berta Dovidova“, 1969 va b.) va Oʻzbekiston radiosida magnitofon tasmalariga yozib olingan. Xonanda haqida telefilm („Munojot“, 1975) yaratilgan. "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan (1999).[1]

Berta Dovidova
Tavalludi 20-dekabr 1922-yil
Vafoti 11-avgust 2007-yil(2007-08-11)
(84 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Mukofotlari

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil