Biologik ritmlar — biologik jarayonlar jadalligi va ularga xos xususiyatlarning siklik oʻzgarishlari. Biologik ritmlar deyarli barcha hayvon va oʻsimliklarda kuzatiladi va organizmlarga muhitning davriy oʻzgarishlariga (sutkalik, mavsumiy va boshqalar) moslashishga imkon beradi. Biologik ritmlar davomiyligiga qarab quyosh sutkalik (24 soat), oy sutkalik (24,8 soat), oylik (29,4 sutka) va yillikka (mavsumiy) boʻlinadi. Quyosh sutkalik ritm koʻpgina fiziologik jarayonlar (hujayraning boʻlinish chastotasi, moddalar almashinuvi va energiyaning intensivligi va boshqalar)ga xos. Sutka davomidagi faollik davrlarning soniga qarab, monofazali va polifazali sutkalik ritmlar farqlanadi. Bunda hayvonlar harakatining faolligi, oʻsimliklar bargi va gulbargining holati, sut emizuvchi hayvonlar jigarining glikogen sarflashi va boshqa biokimyoviy jarayonlar sutka mobaynida oʻzgaradi. Oy sutkalik ritm dengiz sohili zonasi oʻsimliklari uchun xos. Oylik ritm dengiz sathining koʻtarilishi davriga moye keladi va ayrim suvoʻtlar hamda oʻsimliklarning koʻpayish siklida namoyon boʻladi. Yillik (mavsumiy) ritm oʻsimliklarda, koʻpincha kunning uzunligi, temperatura va boshqa iklim omillarining oʻzgarishi bilan tartibga solinadi (k,. Fotodavr). Biologik ritmlar ni xronobiologiya fani oʻrganadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Vyunning E., Ritmi fiziologicheskix protsessov, per. s nem., M., 1961.