Birodarlashgan shaharlar — turli davlatlarning doimiy doʻstona aloqalar oʻrnatgan shaharlari. Ular Birodarlashgan shaharlar jahon federatsiyasiga birlashgan. 1963-yildan boshlab har yili aprel oyining oxirgi yakshanba kuni Jahon Birodarlashgan shaharlar kuni sifatida nishonlanadi. Birodarlashgan shaharlar mahalliy hokimiyat vakillarining delegatsiyalari, mutaxassislar, badiiy havaskorlik va sport jamoalari koʻrgazmalar, sayyohlar almashish va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Birodarlashgan shaharlar bilan aloqalarning samarali usullaridan biri sifatida doʻstlik kunlari va haftaliklari oʻtkazib turiladi. Bu tadbirlar doʻstlik hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun xizmat qiladi.

Toshkent shahri Sietl (AQSH, 1973), Shanxay (Xitoy, 1996), Kortrayk (Belgiya, 1982), Tunis (Tunis, 1973) shaharlari bilan birodarlashgan. Toshkent shahri bilan Seul (Koreya Respublikasi), Saratov, Yekaterinburg (RF) oʻrtasida hamkorlik bitimlari imzolangan (1997). Fargʻona viloyati Fiok-Txan viloyati (Vyetnam, 1981) bilan, Navoiy shahri — Chjuchjou shahri (Xunan viloyati, Xitoy, 1996) bilan, Angren shahri— Datun shahri (Shansi viloyati, Xitoy, 1995) bilan birodarlashgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil