Bobil (Vavilon) — Mesopotamiyaning janubiy qismi miloddan avvalgi 2-ming yillikning boshidan miloddan avvalgi 538 yilgacha mavjud boʻlgan qad. davlat. Markaziy shahri Bobil nomidan olingan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Mesopotamiyada shahar-davlatlar paydo boʻlgan edi. Bobil shahri vujudga kelmasdan oldin Dajla va Furot daryolari orasida — Shumer va Akkad davlatlari mavjud boʻlgan. Miloddan avvalgi 21-asr oxirida koʻchmanchi semit (somiy) qabilalaridan biri amoriylar Akkadning katta bir qismini bosib olgach, qudratli davlat barpo etib, Bobil shahrini markaz qilganlar. Shu davrda elamliklar ham Shumerda oʻrnashib olgan. Mesopotamiyada hukmron boʻlish uchun amoriylar bilan elam qabilalari oʻrtasidagi kurashda amoriylar gʻolib chiqqan. Qadimiy Bobil podsholigida amoriylar sulolasi (miloddan avvalgi 1894—1518) mustahkamlanib olgan. Bu sulola podsholaridan Hammurapi (miloddan avvalgi 1792—1750) Shumerni ham oʻz davlatiga qoʻshib olgan. Mustabid davlatni mustahkamlash maqsadida Hammurapi buyrugʻi bilan yuqori tabaqalarning manfaatini qoʻriqlashga qaratilgan qonunlar majmuasi tuzilgan. Bu qonunlar yerga egalik, savdo-sotiq, qulchilik, iqtisodiyijtimoiy munosabatlarni tartibga solgan. 247 moddadan iborat qonunlar toʻplami bazalt ustuniga arxaik mixxat bilan yozilgan. Bobil davlatining eng ravnaq topgan davri — Hammurapi hukmronligi davridir. Hammurapidan keyin Bobil davlati tushkunlikka yuz tuta boshlagan.

Miloddan avvalgi 1518-yilda kassitlar Mesopotamiyaga bostirib kirib, Bobilda oʻz hukmronligini oʻrnatgan. Kassitlar sulolasi davrida (miloddan avvalgi 1518—1204) chorvachilik rivojlangan, qoʻshni Misr davlati bilan savdo va diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan. Bu davrda ossuriyaliklar va elamliklar bir necha marta Bobilga hujum qilgan. Shundan keyin Bobil siyosiy jihatdangina emas, balki madaniy jihatdan ham tushkunlikka uchray boshlagan.

Miloddan avvalgi 7-asrda Bobil ossuriyaliklar tomonidan ikki marta (689 va 648 yillar) vayron etilgan. Miloddan avvalgi 626 yil Ossuriyaning Bobildagi noibi, xaldeylar qavmidan boʻlgan Nabopalasar Ossuriyadan ajrab chiqib oʻzini Bobil podshosi deb atagan. Shu vaqtdan Yangi Bobil podsholigi yoki Xaldey davri (miloddan avvalgi 626— 538) boshlanadi. Nabopalasar Midiya podshosi Kiaksarga Ossuriya bilan urushida yordam berib Ossuriya davlati xududini u bilan boʻlishib olgan. Nabopalasarning oʻgʻli Navuxodonosor II (Sharq adabiyotida „Buxtunnasr“) (miloddan avvalgi 604— 562) misrliklarni Old Osiyodan batamom siqib chiqargan. Miloddan avvalgi 586 yil Kuddusni vayron qilgan, Yahudiya Bobil viloyatiga aylangan, 574 yil Tirni egallagan. Yangi Bobil podsholigi davrida Bobil shahri ijtimoiyiktisodiy jihatdan taraqqiy etgan, savdo, xunarmandchilik, binokorlik rivojlangan eng yirik shaharlardan biriga aylangan. Navuxodonosor kurgan dabdabali binolarning harobalari hozirgacha sakdanib kelgan. „Bobil“ deb yuritiladigan tepalik kazilganida, katta bir saroy harobasi, „qasr“ tepachasi qazilganda Navuxodonosor zamonidan qolgan ajoyib binolar topildi. Ularning devorlari gullar solingan sirli koshinlar bilan bezatilgan. Diniy marosimlarda yuriladigan muqaddas yoʻl ham shu saroy yonidan oʻtgan. Bu yoʻlga toshdan yoʻnilgan plitalar yotqizilgan, plitalarda mixxatlar saqlangan. Navuxodonosor davrida Bobil podsholigi oʻz taraqqiyotining ikkinchi yuksalish davriga chiqqan. 555 yildagi davlat oʻzgarishidan soʻng Bobil taxtiga oʻtqazilgan Nabonid (miloddan avvalgi 555—538) mamlakatning bir butunligini saqlash uchun harakat qiddi, lekin axomaniylar podshosi Kir //miloddan avvalgi 538 yilda Bobilni oʻz davlatiga qoʻshib oldi. Bobil podsholigi shu tariqa quladi.quyosh kalendari 365 kun