Sultonov Boltihoji Sultonovich (1884-1919) — Qirgʻizistonning atoqli davlat, siyosat va jamoat arbobi, Oʻsh uyezdini rahbarining oʻrinbosari (1918-1919), Janubiy Qirgʻizistonda sovet hokimiyatini oʻrnatish uchun kurash rahbarlaridan biri, Qirgʻizistondagi ishchi-dehqon militsiyasining birinchi tashkilotchisi[1], Oʻsh shahar militsiyasining asoschisi va birinchi boshligʻi (1918 yil).

Болтихожи Султонович Султонов
рус. Балтыходжа Султанович Султанов
Tavalludi 1884
Vafoti 1919
 Qirgʻiziston Oʻsh shahrida
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi, Russian Republic va Russian Socialist Federative Soviet Republic
Otasi Sulton Toirboyev Oʻsh shahar katta oqsoqoli, mingboshisi

Hayot yoʻli tahrir

Boltihoji Sultonovich Sultonov (1884-1919 yillar) Oʻsh shahrini sharqiy qismini inqilobdan oldin boshqarishgan Oʻsh shahar katta oqsoqoli mingboshisi Sulton Toirboyevni katta oʻgʻli va Oʻsh shahar katta oqsoqoli mingboshisi Qudrat Toirboyevni[2] jiyani boʻlgan. B.Sultonov inqilobdan oldin Oʻshda 15-yanvar 1887 yili ochilgan rus-tuzem maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Keyinchalik ushbu maktab Oktabr 25-yilligi deb nomlangan. B.Sultonov maktab qoshida kutubxona ochgan[3]. Ushbu kutubxona inqilobdan oldin Janubiy Qirgʻizistonda birinchi kutubxona boʻlgan.

Qirgʻiziston janubida sovet hokimiyatini oʻrnatish uchun qoʻshgan hissasi tahrir

Boltihoji Sultonov Qirgʻizistonning atoqli davlat, siyosat va jamoat arbobi, Oʻsh uyezdida Sovet hokimiyati oʻrnatish uchun kurashining faol qatnashchisi boʻlgan. Oʻsh musulmon ishchilari va chorikor deputatlari Kengashining asoschilaridan biri boʻlgan (21-avgust 1917 yil). Turkiston oʻlkasi Kengashlarining 3 sʼyezdi delegati (1917 yil). Oʻsh uyezdi soldatlari, ishchilari va dexqon deputatlari Kengashining deputati, asoschilaridan va rahbarining oʻrinbosari boʻlgan (16-17-yanvar 1918 yilda saylangan). Sovet hokimiyati oʻrnatilgandan soʻng Oʻsh shahar militsiyasining asoschisi va birinchi boshligʻi (5-fevral 1918 yil), keyinchalik uyezd tergov komissiyasining boshligʻi boʻlgan. 1918 yil 30-aprelida Turkiston ASSRni tuzgan Butunturkiston Kengashlarining 5 sʼyezdi delegati. Shuningdek xalq taʼlimi va sovet maktablari tizimi tuzishga va rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. 1917 yil may oyining oxirlarida Oʻsh shahrida RSDRPning legal guruhi tashkil etildi. Unga A.G.Anoshin, B.S.Sultonov, Q.Qobuljonov, M.Sarimsoqovlar kirgan. 1918 yil avgust oyigacha Oʻsh shahar bolsheviklar partiya tashkilotida 26 ta kishi bor edi xolos. Fargʻona viloyati Kengashlarining 6 sʼyezdidan (6-7-dekabr 1917 yil) keyin uyezdlardagi hokimiyat Kengashlarga oʻtishi boshlandi va Oʻsh shahrida hokimiyat Kengashga oʻtgani eʼlon qilindi. Oʻsh musulmonlar va chorikorlar deputatlari Kengashi Oʻsh uyezdi Kengashiga asosiy ovozga ega huquqi bilan oʻzining uchta vakilini kirgizdi: B.Sultonov, U.Qosimxonov, Yu.Aliyev. Ushbu Kengashning qarori bilan ular mahalliy aholi deputatlari deb tan olindi. 17-yanvar 1918 yili Oʻsh uyezdi Kengashi qayta saylandi va bolsheviklashtirildi va u uyezdda proletariat diktaturasi organi boʻlib qoldi. Oʻsh uyezdi Kengashi rahbarligida bolsheviklar A.G.Anoshin (Oʻshdagi bolsheviklar tashkilotining birinchi raisi), oʻrinbosarlari B.S.Sultonov, Yu.Aliyevlar boʻlishgan. Sovetlashtirish jarayoni oʻlka Kengashlarini 5 sʼyezdi tarafidan tasdiqlandi va 30-aprel 1918 yili Turkiston ASSR tuzilgani xaqida eʼlon qilindi, uning tarkibiga Qirgʻiziston janubi ham kirdi. Sʼyezd ishida Oʻsh uyezdi Kengashi delegatlari-bolsheviklar A.G.Anoshin, B.S.Sultonov, L.N.Grechaninovlar qatnashishdi. 5-dekabr 1918 yili Oʻsh uyezdi Kengashi uyezd-shahar inqilob qoʻmitasi boʻlib qayta tuzildi[4].

Oʻsh uyezdi xalq тaʼlimi soxasiga qoʻshgan hissasi tahrir

B.S. Sultonovning otasi Oʻsh shahar katta oqsoqoli va mingboshisi Sulton va ukasi Qudrat Toirboyevlar[2] Oʻsh shahrida rus-tuzem maktabini ochish tashabbuskorlari boʻlishgan. Shu bilan birga rus-tuzem maktabini ochish uchun ular pul mablagʻlarini berishdi. Oʻsh uyezdi rahbarlari mahalliy aholi maktabga ketadigan harajatlar uchun pul mablagʻlarini berishi, tuzem aholisi yoshlarni rus tilini oʻrganishi kerakligini tushunishayotgani bilan izohladi. Rus-tuzem maktablari — Turkiston oʻlkasi rus maʼmuriyati tomonidan ochilgan boshlangʻich taʼlim maktablari edi. Bu maktablarning maqsadi mahalliy aholi yosh farzandlarini rus tiliga oʻqitish, jahon va rus madaniyati bilan tanishtirish, oʻlka maʼmuriyatining eng quyi pogʻonalariga amaldorlar tayyorlashdan iborat edi[5]. Ushbu rus-tuzem maktablarida rus tiliga oʻrgatish birinchi oʻquv yilidan boshlanardi.

15-yanvar 1887 yili Oʻsh shahar katta oqsoqollari va mingboshilari Sulton va Qudrat Toirboyevlar[2] Oʻsh uyezdi boshligʻi M.Ye. Ionov va Turkiston oʻlkasi rahbarlari yordamida, Oʻshda rus-tuzem maktabini ochishdi. Maktabda oʻsha vaqtda: mudir Orlov V.F., 2 ta ayol oʻqituvchi, muslim savodxonligi oʻqituvchisi B.S. Sultonov va bir amaldor ishlashardi. Ushbu maktab faqat boshlangʻich taʼlim asoslarini oʻqitgan edi. 1915 yili mahalliy rus-tuzem maktabi sinflar va oʻqituvchilar sonini oshirdi. Agarda oldin bitta sinf oʻqitilgan boʻlsa, yanvar oyidan boshlab Turkiston oʻlkasi general-gubernatori roziligi bilan qoʻshimcha ikkinchi sinf ochildi va yana bitta oʻqituvchi Joʻraxon Zaynobiddinov ishga olindi. Uyezd boshligʻi maktab binosini kengaytirish uchun 740 rubl 39 tiyin ajratib berdi. Keyinchalik ushbu maktab oktabr 25-yilligi deb nomlandi. Oʻqituvchi Boltihoji Sultonov rus-tuzem maktabida kutubxona tashkil etdi[3]. Ushbu kutubxona inqilobdan oldin Janubiy Qirgʻizistonda birinchi kutubxona boʻlgan. Shuningdek Oʻshda Jadidchilik maktabi ochilgan unda Boltihoji Sultonov va sayohatchi va inqilobchi Fozilbek Qosimbekov ishlashgan.

Sovet hokimiyati davrida Janubiy Qirgʻiziston xalq тaʼlimi soxasiga qoʻshgan hissasi tahrir

B.Sultonov oʻqituvchi edi, shuning uchun janubiy Qirgʻizistonda xalq taʼlimini rivojlantirishga maktablar tizimini yaratishga katta eʼtibor bergan.Oʻsh viloyati xalq taʼlimi rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. 20-may 1918 yili u Oʻshda xalq taʼlimi kengashi tuzilishida faol ishtirok etdi. Uning bevosita ishtirokida 1918 yil avgustida 95 ta kichkintoyga moʻljallangan bogʻcha ochildi, 1918 yili Oʻsh uyezdida 13 ta maktab ochildi, u yerda 939 ta bola bilim olardi[6]. Uning taklifi bilan och va etim bolalar uchun bekorga ovqat berish uyushtirilgan.

Oʻsh uyezdida militsiyani tuzgani tahrir

1918 yil yanvar oyi oxirida Oʻsh uyezd-shahar militsiyasini tashkil etish uchun harbiy komissiya tuzildi. 5-fevral 1918 yili ushbu komissiyaning kantselyariyasida xalq militsiyasini tuzish va xalqdan musodara qilingan qurollarni militsiyaga berishga bagʻishlangan Oʻshdagi jamoat tashkilotlarining qoʻshma yigʻilishi boʻldi. Oʻshdagi partiya tashkiloti oʻzining eng yaxshi vakillarini tashkil etilayotgan militsiyaga yubordi. Oʻsh militsiyasining birinchi boshligʻi boʻlib bolshevik Boltihoji Sultonov tayinlandi[7]. Oʻsh uyezdi militsiyasini tuzishda Boltihoji Sultonovning ukasi Nasrullo Sultonov (Oʻshning birinchi militsionerlaridan) ham faol ishtirok etdi[8]. U Oʻzbekiston ichki ishlar vazirining oʻrinbosari boʻlib ishlagan Muxtor Nasrullayevich Sultonovning otasi boʻlgan. Sovet hokimiyati oʻrnatilayotgan davrda militsiya proletariat diktaturasi organi boʻlib qoldi. Qizil armiya tuzilgunga qadar revolyutsiya himoyasida turdi va targʻibot-tashviqot, siyosiy-tarbiyaviy ishlarni olib bordi, militsiya xodimlari qishloq va volost revkomlari va musulmon xalqi orasida gazetalarni tarqatdi. Fuqarolik urushi va bosmachilik bilan kurash davrida militsiya funksiyasini bajargan oʻz-oʻzini himoya qilish otryadlari tuzildi. Bosmachilik bilan kurashda Oʻsh shahar militsiyasining, keyinchalik uyezd tergov komissiyasining boshligʻi B.Sultonov katta xizmat koʻrsatdi.

Oʻsh uyezdi militsiyasi tuzilganda, militsiya xodimlari etishmagan faqat 75 % taʼminlangan, undan 80 % bilimga emas edi. Transport, kriminalistik texnikalari boʻlmagan, faqat miltiqlar bilan qurollangan (TsGA KR.F.1428.op.1.d.23.l.23). Oʻsh uyezdi jinoiy qidiruv boʻlimida 1920 yil 1-yanvar holatiga 21 ta xodim ishlagan xolos.

Janubiy Qirgʻiziston madaniyati rivojlanishiga qoʻshgan hissasi tahrir

1914 yili Rahmonberdi Madazimov rahbarligida Oʻsh shahrida rus-tuzem maktabi oʻqituvchisi Boltihoji Sultonov bilan birgalikda teatr toʻgaragi tashkil etilgan[9].

Fuqarolar urushi davrida Oʻsh xududi va uning tevarak-atrof tumanlari front maydoniga aylandi. B.Sultonov Turkiston fronti Revvoyensoveti qoshida 1918 yili tashkil etilgan teatr truppasiga ham shu frontning ishtirokchisi, partiyaning targʻibotchisi boʻlishni taklif etdi. Maʼrifatchi va inqilobchi Boltihoji Sultonov va Fozilbek Qosimbekovlar teatr truppasini oyoqqa turgizishda teatr truppasini asoschisi va badiiy rahbari Rahmonberdi Madazimovga yordam berdilar[10]. Boltihoji Sultonovning qudasi teatrning asoschisi va badiiy rahbari Rahmonberdi hoji Madazimov shunday hikoya qilgan edi: — Qurboshi Madaminbek Andijon atrofida izgʻib, xalqni talab yurgan edi. Oʻsh garnizoni Andijon harbiy qismiga qurol-yarogʻ bilan yordam qilmoqchi boʻldi. Lekin qurollarni qanday etkazish mumkin? Bu mushkulni teatr truppasi artistlari hal qildilar. Soyabon arava bezatilib, qurol-yarogʻlar tekis taxlandi. Ustiga polos, koʻrpa-toʻshaklar solindi. Teatr artisti Rahmonberdi Madazimov grim bilan katta eshon qiyofasiga kirdi. Yana ikki artist uning „muridlari“ boʻldi. Uchchalasi ham oldiga eski kitoblardan ochib, „xatmi-xoʻja“ qilganday yoʻlga tushishdi. Arava Xoʻjaobodga yaqinlashganda miltiq ovozi eshitildi. Oʻn nafar bosmachi kelib aravani oʻradi. Shunda aravakash bosmachilarga qarab, „jim“ ishorasini qildi va pardani qiya ochdi. Bosmachilar „eshon“ va „muridlar“ni koʻrib, taʼzim qilishdi. Soʻngra hurmat bilan Andijonga kuzatib qoʻydi. Qizil armiyani qurol bilan taʼminlash maqsadida truppaning bunday „postanovkalari“ bir-necha marta takrorlandi.

Bosmachilikka qarshi kurashish tahrir

1918 yil iyunida bolsheviklar partiya tashkiloti rahbarlari Anoshin A.G. va Sultonov B.S. boshchiligida Oʻshda 70 ta kishidan iborat Qizil gvardiya otryadi tuziladi. Keyinchalik 1919 yil iyulida otryadda 160 kishi boʻladi. Otryad tartibni oʻrnatib, aholini non va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminladi.

1918 yil iyulida bosmachilar Oʻshni egallashga urinishdi. Lekin shaharni himoya qilayotgan 1-Fargʻona polkining 70 ta askari aholining yordamida Andijon harbiy qismdan yordam kelguncha shaharni himoya qila oldi. 1919 yili qurboshi Madaminbek va K.Monstrov bandalari Oʻsh va Jalolobodni egallashga muvaffaq boʻlishdi va Andijonga harbiy yurishni boshlashdi. Qo`rboshi Xolxoʻja B. Sultonovni boshi uchun katta pul vaʼda qilgan edi. 1919 yil sentabrida bosmachilar Oʻshga bostirib kirdi. Bir uyga bosmachilar bostirib kirganda, Oʻshni himoya qilayotgan B.Sultonov choponi bilan tiqilib uyni xandagidan chiqa olmagan va bosmachilar B.Sultonovni qoʻlga tushirib, uni shafqatsizlarcha oʻldirishgan. Otning orqasiga tiriklayin bogʻlashib, titilib ketgan qontalash tanasini shahar koʻchalarida aylantirishdi. Oʻsh militsiyasining birinchi boshligʻi shunday fojiali vafot etgan edi.

1919 yil 26-sentabrda Oʻsh ozod etildi. Uning ishini kenja ukasi Nasrullo Sultonov davom ettirib, 1919 yili Oʻsh militsiyasi boʻlimiga, undan keyin Sulukta, Oʻzgan, Bozorqoʻrgʻon militsiyalariga rahbarlik qildi.[11] Ukasi Nasrullo Sultonov Oʻzbekiston SSR ichki ishlar vaziri oʻrinbosari militsiya general-mayori Muxtor Nasrullaevich Sultonovning otasidir.

1919 yili Boltihoji Sultonov Oʻshga bostirib kirgan bosmachilar qoʻlidan fojiali ravishda oʻldirildi va Oʻshdagi sovet hokimiyatini oʻrnatish uchun halok boʻlganlar qabriga birinchi boʻlib dafn etilgan. Qabri Oʻsh shahar markaziy skverida madaniyat uyini (hozirgi rus cherkovi), Oʻsh viloyati va Oʻsh shahar hokimliklari binolarini oldida joylashgan. Qabrda memorial doska, yulduz oʻrnatilgan va qora plitada doimiy olov yonib turadi. Bronzadan „Sovet hokimiyati uchun kurashda halok boʻlganlarga shon-sharaflar“ degan soʻzlar yozilgan. „Doimiy olov“ memorial majmuasida 1919-1926 yillari mobaynida halok boʻlgan Qizil armiya askarlari koʻmilgan. Ular: Boltihoji Sultonov, Fozilbek Qosimbekov, Boltixon Bobojonov, Otabek Tillaboyev, Qoʻziboy Ahmedov, Ahmadjon Yusupjonov, Valeriy Bessonov, Pyotr Pavlenko, Leontiy Lavoda, Aleksandr Ponomarenko. Koʻmilganlar soni 100 ga yaqin marxumlarni tashkil etadi[12].

Boltihoji Sultonov Qirgʻizistonda Sovet hokimiyatini oʻrnatish uchun, taʼlimni rivojlantirish va ozodligi uchun kurashgan inqilobchi sifatida tarix varaqlarida abadiylashtirilishiga munosibdir. B.Sultonov haqida Qirgʻiziston fanlar Akademiyasi tomonidan 1987 yili chiqarilgan Oʻsh viloyati Ensiklopediyasining 389 betida rasmi va 60, 101, 143, 209, 308, 331, 350, 379, 388, 414 betlarida, Qirgʻiziston SSR Ensiklopediyasining 1982 yil, 135 betida, A.Abdugʻofurovning „Oʻshning oqil farzandlari“ kitobining 44 betida, Ismail Kadirovning „Qirgʻiziston Ginnes kitobi“ning 78 betida maʼlumotlar berilgan. Otasi oʻshlik Sulton mingboshini avlodidan boshqa koʻplab taniqli shaxslar ham chiqqan. Jumladan: Oʻzbekiston SSR vazirlar kengashi raisi oʻrinbosari, akademik va dramaturg Izzat Sulton, Oʻzbekiston SSR ichki ishlar vaziri oʻrinbosari militsiya general-mayori Muxtor Nasrullaevich Sultonov, Oʻzbekiston SSR vazirlar kengashi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Gʻani Sultonovich Sultonov, Oʻzbekiston SSR taʼlim vaziri Sultonov, Yangiyoʻl tumani ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azizullo Sultonovich Izzatullayev, Tojikiston SSR vazirlar kengashi raisi, Oʻsh viloyati va Oʻsh shahar ijroiya qoʻmitalari raisi, Oʻsh shahar Pomir avtotrestining direktori (uni boshchiligida 1120 ta odam ishlagan) Mamadali Qurbonov (qizi Rahmixonni umr yoʻldoshi). Kuyovi Mamadali Qurbonov sharafiga Oʻsh shaharda koʻcha va 15 sonli maktabi va Tojikiston poytaxti Dushanba shahrida koʻcha nomiga qoʻyilgan.

Qirgʻiziston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tarixi (QR IIV rasmiy internet-sayti)[13] tahrir

Bandit toʻdalari bilan ayovsiz kurashda Qirgʻiziston militsiyasining yuzlab xodimlari vafot etdi va ularning ichida militsiyaning birinchi boshliqlari Boltihoji Sultonov, Otajon Sulaymonov, Gʻoziboy Qoʻziboyev. Qirgʻizistonda ishchi-dexqon militsiyasining birinchi boʻlimlarini tuzgan arboblarning nomlari tarixda abadiy saqlanib qoladi. Bular E.Aliyev, A.Oʻrozbekov, B.S.Sultonov, G.Shadilov, S.Muratalin, T.Tokbayev, I.Kabekov, S.Qosimbekov.

Sulolasi tahrir

Adabiyotlar tahrir

Manbalar tahrir

  1. "Qirgʻiziston Ginness kitobi" 78 bet
  2. 2,0 2,1 2,2 Pismo nachalniku Oshskogo uyezda V.N.Zaysovu ot jiteley g. Osh i vsego Oshskogo uyezda, 2015-12-17da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-12-29
  3. 3,0 3,1 Pamyati „Pervoy lastochki“
  4. Tsentraziya Personi, 2015-11-17da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-03-25
  5. Russko-tuzemnie shkoli slujili sblijeniyu tuzemsev s russkim naseleniem, 2015-12-06da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-12-13
  6. Biografii znamenitostey
  7. V Oshskom GUVD otmechayut godovщinu sozdaniya gorodskoy militsii
  8. Qirgʻiz militsiyasi (Qirgʻiz Vikipediyasidan material)[sayt ishlamaydi]
  9. Osh stareyshiy teatr respubliki otmetil svoyo 95-letie
  10. Teatr kutlug 60 yillik tuyini nishonladi
  11. Qirgʻiziston militsiyasining tarixi[sayt ishlamaydi]
  12. Chitatelnitsa jaluetsya, chto na bratskoy mogile memorialnogo kompleksa Vechniy ogon v Oshe ustraivayutsya uveselitelnie meropriyatiya‎
  13. Istoriya MVD Kirgizstana, 2015-11-14da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-03-25

Havolalar tahrir