Brilliant (frans. brillant — yaltiroq soʻzidan) — sunʼiy ishlov berib sayqallangan (qirralangan) olmos. Tomonlari 6, 8, 12, ... 56 gacha qirralarga ega boʻladi. Bunday qirralash toshning tabiiy jilosini yuzaga chiqaradi. B.ga tushgan nur yuqori dispersiya (nurning boʻlinishi) tufayli kamalakday tovlanadi. Zargarlik sanʼatida keng ishlatiladi: qimmatbaho metall gardishga alohida (uzuk, isirga, ilma tugma — zaponkada), buyum bezagi mujassamoti asosi yoki qismlarini hosil qiluvchi (toʻgʻnogʻich, toj va boshqalarda) "koʻz"lar holida oʻrnatiladi. B. shuningdek orden va yuksak nishonlarni ham bezaydi. B. ogʻirligi karat (0,2 g) larda oʻlchanadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil