Butash — daraxt va butalarning ortiqcha shox va novdalarini qisman yoki butunlay olib tashlash. Bogdorchilik, oʻrmonchilik va manzarali bogʻdorchilikdagi eng muhim agrotexnika tadbirlaridan biri. B. koʻchatlarga, bogʻ va oʻrmonlardagi daraxtlarga shakl berish, shuningdek daraxtning kasallangan, keksaygan, singan va ortikcha novdalarini olib tashlash, karigan daraxtlarni yoshartirish maqsadida oʻtkaziladi. Manzarali daraxtlar va butalar yaxshi, chiroyli koʻrinishi uchun butab va shoxshabbasi uchlari qaychilab turiladi. B. meva daraxtlariga taʼsir koʻrsatishning eng faol agrotexnik usullaridan biri boʻlib, meva daraxtlari hosildorligini uch baravarga oshiradi, mevalarni 20% gacha yiriklashtiradi, mevasi rangdor va shirador boʻlib, taʼmi yaxshilanadi, daraxt uzoq muddat yashaydi.

Meva daraxtlarini B.da shoxlarni siyraklatish, qisqartirish va novdalarni chilpish usullari qoʻllaniladi. Siyraklatishda birinchi navbatda qurigan, chalkash, kasallangan va zararlangan, nimjon, qalinlashtiruvchi shoxlar kesib tashlanadi. Siyraklatish natijasida yangi meva shoxlari hosil boʻladi, daraxt issiklik va yorugʻlikdan yaxshiroq foydalanadi, uning boʻyiga va eniga oʻsishi yaxshilanadi. Novdashoxlarni qisqartirishda uzun novdalarning oʻsish kuchiga qarab 1/2 yoki 1/3 qismi olib tashlanadi. Daraxtlar koʻchirib oʻtqazilayotganda ham shoxnovdalar qisqartiriladi. Meva daraxtlarida oʻsuv davrida novdalarni chilpish oʻsish kuchi va biologik xususiyatiga qarab may — iyun oylarida bajariladi (bunday B. yashil B. deyiladi), natijada novda boʻyiga oʻsishdan toʻxtaydi, novdada qoʻltiq kurtaklar shakllanadi va yangi novdalar paydo boʻladi. Oʻzbekiston sharoitida daraxtlar, asosan, kuz — qishda va qish — bahorda, manzarali buta, daraxtlar yoz davomida butaladi. Daraxt B.da shox (butoq) kesadigan qaychi, bogʻ pichogʻi, tok qaychi, yoysimon arra va bogʻ dastarrasi kabi maxsus asboblardan foydalaniladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil