Buxoro amirligi — (1756-yil 12-dekabr — 1920-yil 2-sentyabr) oʻzbek sulolasi ashtarxoniylar oʻrniga kelgan oʻzbek mangʻitlar sulolasi vakillari oʻzlarini amir deb atashgan. Shunga koʻra, davlat Buxoro Amirligi deb atala boshlangan. 1920-yil Buxoro bosqini natijasida tugatilgan.

Buxoro amirligi

1756 — 1920



Bayroq

1850-yildagi Buxoro xonligi
Poytaxti Buxoro
Til(lar)i Oʻzbek tili, Fors tili
Dini Islom
Pul birligi kumush, oltin tanga
Aholisi oʻzbeklar, tojiklar, turkmanlar, arablar, Buxoro yahudiylari
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
amir
 - 1756—1758 Muhammad Rahimbiy
 - 1758-1785 [Doniyolbiy]]
otaliq
 - 1785-1800 Amir Shohmurod
amir
 - 1800-1826 Amir Haydar
amir
 - 1826-1860 Amir Nasrullo
amir
 - 1860-1885 Amir Muzaffar
 - 1885-1910 Amir Said Abdulahad
 - 1910-1920 Amir Said Olimxon
Meros boʻlib oʻtishi
Buxoro xonligi
Buxoro Sovet Xalq Respublikasi

1758-yilda Rahimbiy vafotidan soʻng mangʻitlar amirlik taxtiga uning amakisi Miyonkoʻl hokimi Doniyolbiy (1758—1785-yillar) nomzodini surishadi. Lekin u qatʼiy markaziy hokimiyatni saqlab qololmadi. Mangʻitlarning tarafdorlari va gʻanimlari oʻrtasidagi oʻzaro janjallar, joylardagi hokimlarning mustaqillikka boʻlgan intilishlari oʻn yillarga choʻzilib ketdi. 1784-yili Doniyolbiyning boʻshligidan norozi boʻlgan Buxoro ahli qoʻzgʻolon koʻtardi va amir hokimiyatni oʻgʻli Shohmurodga (1785-1800-yillar) topshirdi.

Amir Shohmurod hukmronligi davri tahrir

Shohmurod yangiliklarni Arkda saroy ahli guvohligida ikkita poraxoʻr yirik amaldor — Davlat qushbegi va Nizomiddin qozikalonni qatl etishdan boshladi. Shundan soʻng Shohmurod Buxoro ahliga ularni bir necha soliqdan ozod etuvchi imtiyozli hujjatni tantanali tarzda topshirdi. Hujjatning matni tosh lavhada kesilgan boʻlib, u katta jomeʼ masjidining ayvoniga oʻrnatildi. Shohmurod „joʻl“ deb nomlangan va urush holatida qoʻshin saqlash maqsadida foydalaniladigan yangi soliq turini joriy qildi. Hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlab olgach, u xonlik unvonidan voz kechdi va amirlik darajasida qoldi. Taxtga esa Shohmurod Chingizxon avlodlaridan boʻlgan Donishmandchini, keyinroq esa Abulgʻozini koʻtardi, lekin ular amalda hokimiyatga ega emasdilar. 1785-yili Shohmurod pul islohotini oʻtkazdi hamda 0,7 misqollik (3,36 g) toʻla qimmatli kumush tangalar va bir xil shakldagi oltin tangalarni zarb etishni yoʻlga qoʻydi. U sud mahkamasiga ham shaxsan rahbarlik qildi. Shohmurod Buxoro amirligi tarkibiga Amudaryoning chap sohilidagi hududlarni, jumladan, Balx va Marvni qaytardi. 1786-yili u Karmanada xalq qoʻzgʻolonini bosdirdi, keyin Shahrisabz va Xoʻjandga muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi. Shohmurod afgʻon hukmdori Temurshohdan ustun kelib, asosan o`zbeklar va tojiklar yashaydigan janubiy Turkistonni oʻz qaramogʻida saqlab qolishga erishdi.

Amir Haydar hukmronligi davri tahrir

Amir Haydar (1800—1826-yillar.) otasidan soʻng taxtga oʻtirgan vaqtda butun Mavorounnahr uning hukmiga boʻysinar edi. Haydarning taxtga koʻtarilishi ommaviy qoʻzgʻolonlar va qatllar bilan toʻgʻri keldi. 1800-yili Marv turkmanlari bosh koʻtarishdi. Ichki janjallarga koʻp oʻtmasdan Qoʻqon bilan Oʻratepa uchun urush qoʻshildi. Haydar ushbu shaharni tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Amir Haydar davrida siyosiy tizim yakka hokimiyatchilik tomon intilayotgan markazlashgan monarxiyadan tashkil topgan edi. Amirga 4 ming kishigacha yetadigan byurokratik mahkama xizmat qilardi. Armiyaning miqdori oshdi. Faqat Buxoroning oʻzida 35 ming harbiydan iborat qoʻshin turardi. Ahmad Donishning yozib qoldirishicha, amir Haydar boshqaruv vaqtiga „har 3-6 oyda yuzaga keladigan toʻxtovsiz feodal urushlar davri“ deya baho berish mumkin.

Amir Nasrullo hukmronligi davri tahrir

 

Haydardan soʻng taxtga uning oʻgʻli Nasrulla (1827—1860-yy.) oʻtirdi. Unga hokimiyat sari yoʻl ochish maqsadida akalari Husayn va Umar oʻldirildi. Armiya va ruxoniylarga suyangan Nasrulla zodagonlarni jilovlash maqsadida feodal tarqoqlikka qarshi qatʼiy kurash olib bordi. Hukmronligining birinchi oyida u har kuni 50-60 tadan kishini qatl qildi. Nasrullo shu paytgacha amirlik tarkibiga faqat nomigagina kirgan viloyatlarni birlashtirishga erishdi. Viloyatlarni boshqarishga oʻziga muteʼ boʻlgan „nasl-nasabsiz“ kishilarni tayinladi. Nasrullo amirligi chogʻida Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan Marv, Chorjoʻy, Oʻratepa, Xoʻjand kabi chegarada joylashgan alohida hududlar uchun boʻlgan tinimsiz urushlar davom etib turdi. Shahrisabz va Kitob hukmdorlarining qarshiligi, ayniqsa kuchli boʻldi. Bir necha harbiy yurishlardan soʻng 1853-yilga kelib ular Buxoroga boʻysindirildi. Amirlik tarkibiga faqat Zarafsxon daryosining oʻrta va quyi oqimidagi vohagina barqaror kirgan edi[1]

Amir Muzaffar (1860—1885) hukmronligi davri tahrir

 
amir Muzaffar

1860-yilning oktabr oyida Amir Nasrullo vafotidan sʻong taxtga ugli Muzaffar chiqdi. Muzaffarning hukmronlik davri Rossiyaning Oʻrta Osiyo xonliklariga qarshi harbiy harakatlari kuchaygan davrga toʻgri keladi. Muzaffar qoʻshini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya qarbiy kuchlari oʻrtasidagi dastlabki toʻqnashuv Jizzax bilan Oʻratepa oʻrtasidagi Erjar (Maydayulgʻun)da boʻlib, unda Buxoro qoʻshini magʻlubiyatga uchragan (1866.8.05). 1868-yilning may oyida Chupon ota tepaliklarida Buxoro qoʻshinlari Kaufman qoʻshinidan engildi. 2—3-iyunda Zirabuloq jangiaya magʻlubiyatga uchragach, 1868-yil 23-iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya—Buxoro sulh shartnomasiga koʻra, Buxoro amirligi Rossiyaga tobe boʻlib qolgan.

Amir Muzaffarning oʻzi shoir Alisher Navoiy ijodiga muxlis boʻlgan va 1872-yilda Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriyaga Navoiyning „Devoni“ qoʻlyozmasini taqdim etgan.[2]

1868-yil iyuldan 1885-yilda vafotigacha amir Rossiya imperiyasi bilan tinch munosabatlarni davom ettirdi. Unga bir qator elchilar yuborilgan: Nosovich, Kostenko va Petrovskiy. Elchilarni kutib olish marosimlari oʻzbek tilida oʻtkazilar edi. Tantana xizmatkorlari — udaychilar aytardilar: „Hazrati Amirni Xudo Muzafar Mansur qilsun“ (yaʼni: Xudo buyuk amirni qudratli va gʻolib qilsin)[3].

Amir Abdulahad (1885—1910) hukmronligi davri tahrir

 
Buxoro amirligining maʼmuriy markazlari, XX asr boshlari
 
Said Abdulahadxon

Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, haqiqatda rus podshosiga qaram edi. Amir va uning amaldorlariga qarshi xalq harakatlari podsho Rossiyasi qoʻshinlari yordamida bostirilar edi. Amir Abdulahad rus podshosining generaladʼyutanti hisoblangan. Uning davrida rus maʼmurlari amirlikda katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Amirlik yerlaridan oʻtgan temir yoʻl boʻylariga rus aholisi keltirilib joylashtirildi. Buxoro Afgoniston chegarasining muhofazasi bilan ham rus qoʻshinlari shugʻullangan.

Amir Said Olimxon (1910—1920) hukmronligi davri tahrir

 
Said Olimxon

1910-yilda otasi Abdulahad Xon vafot etadi. Taxtga 1910-yilda oʻtirdi. Oʻsha yili Rossiya Imperiyasi Imperatori Nikolay II tomonidan Oliy martabaga koʻtariladi. 1911-yilda Said Olimxonga Hazrati Oliylari Imperator Svitasida general-mayor unvoni beriladi.[4]

Boshqaruvining boshida u sovgʻalar olmasligini, boshqa vazir va boshliqlarga pora olishni man etishini va soliqchilar va boshliqlarni xalqdan olgan soliqni oʻz manfaatlarida qoʻllamaslikni amr etdi. Biroq vaqt oʻtib vaziyat oʻzgarib ketdi, ushbu intrigalar oqibatida yangi qonunlar chiqarmoqchi boʻlganlar Moskva va Qozonga yuborildi. Said Olimxon esa boshqaruvini anʼanaviy tarzda davom ettirdi.

1913-yil 22-fevralda Sayyid Olimxon Xiva xoni Asfandiyorxon bilan birgalikda Peterburgdagi birinchi jomeʼ masjidining ochilishida ishtirok etdi.[5]

Buxoro amirligi Rossiya Imperiyasiga qaram hisoblansada Said Olimxon oʻz davlatida Amir maqomiga ega edi. Said Olimxinning pullariga Sankt-Peterburgda Masjid va Buxoro Amiri Uyi qurildi. 1915-yilning 30-dekabr kuni general-leytenent maqomiga ega boʻldi va Ter Kazaklari qoʻshinida general-adyutant maqomigacha koʻtarildi.

Buxoro amirligining podsho Rossiyasiga tobeligi amir Olimxon zamonida (1910—20) yanada ortdi. Amirlikda yettita rus xususiy bankining shuʼbasi ish olib borardi. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan amirlik aholisining ahvoli yanada ogʻirlashdi. Xuddi shu davrga kelib jadidlik harakati asosida yosh buxoroliklar partiyasi faoliyati kuchaydi. 1917-yil Fevral inqilobi munosabati bilan bu partiya amirlikni podsho Rossiyasi boʻyinturugʻidan qutqazish, baʼzi islohotlar oʻtkazish ishiga kirishdi. Yosh buxoroliklar rus bolsheviklari bilan hamkorlikda 1918-yil martida amir hukumatini agʻdarishga urindilar. Ammo bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1920-yil 2-sentabrda Buxoro bosqini natijasida amirlik tugatildi.

Buxoro inqilobi tahrir

1917-yilda Rossiyadagi fevral inqilobidan keyin Rossiya Muvaqqat hukumati Buxoro amirligi mustaqilligini tasdiqladi. 1917-yil mart oyida „Yosh buxoroliklar“ Buxoroda amirga qarshi ommaviy namoyish uyushtirdilar. Bunga javoban qatagʻonlar boshlandi, koʻplab yosh buxoriyaliklar Kogonga qochib ketishdi.

Oktyabr inqilobidan keyin Sovet hukumati dekreti bilan amirlikning mustaqilligi tasdiqlandi.

1918-yil mart oyida „Yosh buxoroliklar“ yetakchilari Qizil Armiya yordamidan foydalanishga qaror qildilar. Ular Kogondagi sovet garnizonini Buxoroda xalq qoʻzgʻoloni avj olayotganiga ishontirdilar va qon toʻkilmasligi uchun amirga ultimatum qoʻyib, undan hokimiyatni topshirishni talab qildilar. Ammo Buxoroga hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi, yosh buxoroliklar va Qizil Armiya boʻlinmalari magʻlubiyatga uchradi. Amirni agʻdarishga boʻlgan muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng Rossiya bilan Buxoro oʻrtasida tinchlik shartnomasi tuzildi va Buxoro mustaqilligi yana bir bor eʼtirof etildi.

1920-yilning yozida Turkiston fronti bosh qoʻmondoni Frunze Buxoro amiri bilan muzokaralar olib borishga harakat qildi. Frunzening talablari amir uchun nomaqbul edi va muzokaralar samarasiz yakun topdi. Qizil qoʻshinlar Buxoroga qarshi yurishga, amir esa uni mudofaa qilishga hozirlik koʻra boshladi.

1920-yil 30-avgustda Qizil Armiya operatsiyasi natijasida Buxoro qoʻlga kiritildi, amir Afgʻonistonga qochib ketdi. Buxoro Qizil Armiya tomonidan bosib olingach, hokimiyat tepasiga Buxoro Kommunistik partiyasi va unga kirgan Yosh buxoroliklar keldi. RSFSRga qaram boʻlgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzildi.

Siyosiy elita tahrir

Amir Haydar (1800-1826) davrida oʻzbek urugʻidan boʻlgan mangʻit urugʻining vakili oliy qoʻshbegi Oʻtkurbiy qoʻshbegi Hakimbiyning oʻgʻli katta taʼsirga ega boʻldi. 1800-yilda Qarshiga bek etib tayinlangan, soʻngra qoʻshbegi — amirlikning bosh vaziri boʻlgan va bu vazifalarni 1802—1838-yillarda, jumladan, amir Nasrullo (1827—1860) davrida ham bajargan[6].

Vitkevichning yozishicha, 1835-yilda Nasrullo hokimiyatiga barcha buxoroliklar va amirning oʻzidan boyroq hisoblangan Hakim qoʻshbegi kuchli taʼsir koʻrsatadi. U bosh vazir hisoblangan. Bozorda xonga olib borib turgan, xamirturushsiz nonni shaxsan oʻzi tanlagan va sanagan; xon zaharlanmasligi uchun har kuni xonning ovqati va ichimlik suvini maxsus idishda tayyorlagan[7].

Aloqa, yoʻllar va xat-xabar almashinuvi tahrir

Buxoro amirligida aravalar yoʻli kam boʻlib, ular asosan mamlakatning shimoliy va shimoli-gʻarbiy qismlarida takomillashgan. Arava bilan aloqa — yuqori va keng yoʻnalishli, aloqasi ogʻir yoʻnalishlariga esa mukammal moslashtirilgan ikki gʻildirakli aravalarda amalga oshirilgan. Karvon yoʻllari boʻylab yuklarni tashish tuyalar yordamida amalga oshirilgan, togʻ yoʻllari boʻylab yuklar eshak va otlarda tashilgan. Aloqa yoʻllariga kelsak, Hisor tizmasi xonlikni 2 qismga ajratgan; uning shimoliy va shimoli-gʻarbiy qismida yuklarni tashish aravalarda va qisman ot-ulovda amalga oshirilgan, lekin tizma janubida — faqat ot-ulov usulida, bu bir tomondan hududning past rivojlanganligi, ikkinchidan, oʻtish qiyin boʻlgan togʻ yoʻllari bilan izohlanadi. Xonlikdagi deyarli barcha asosiy yoʻllar Buxoro shahridan boshlanib, xonlikdagi turli markazlar bilan ham, qoʻshni davlatlar bilan ham aloqa oʻrnatishga xizmat qilgan. Ulardan eng muhimlari:

1) Buxorodan Qarshi, Gʻuzor, Denov, Hisordan Baljuvongacha — 612 verst;
2) Qarshi va Xo‘ja Solih orqali Balxgacha — 390 verst;
3) Kerki va Andxoʻy tumani orqali Maymanagacha — 530 verst;
4) Qarshidan Jom orqali Samarqandgacha — 143 verst.

Rossiya Turkistonidan Amudaryogacha boʻlgan eng qisqa yoʻl — 346 verst boʻlib Jom orqali Kalifga olib boradi, aloqa esa aravalarda (joylarda qiyinchilik bilan) amalga oshiriladi; Kalifda Amudaryo ustidan oʻtish joyi bor, uning kengligi kichik (167 sajen), bu yerda katta chuqurlik boʻlib, oqim juda tez. Boshqa oʻtish joylaridan Balx, Mozori Sharif va Kobulga olib boradigan Chushka-Gʻuzor va Shir-Oba diqqatga sazovordir. Bu yoʻllardan tashqari Amudaryo boʻylab aloqa Amudaryo flotiliyasining paroxodlarida va qayiqlarda amalga oshirilgan. Amudaryo flotiliyasi har biri 530 ta indikatorli 2 ta paroxod va 10 000 pudgacha yuk koʻtaruvchi ikkita temir barjadan iborat boʻlgan. Ushbu kemalar qoʻllanadigan Petro-Aleksandrovsk, Chorjoʻy va Kerki oʻrtasidagi aloqa qoniqarsiz; paroxodlarning haddan tashqari kengligi (2½ fut), Amudaryoning oʻzgaruvchan oʻzani, tez oqimi va boshqalar aloqani sekinlashtirgan. Uzunligi 345 verst boʻlgan Transkaspiy temir yoʻlining Samarqand qismi deyarli butunlay Buxoro amirligi chegaralarida boʻlib, bu uning Rossiya va Fors bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga juda foydali taʼsir koʻrsatgan.

Qoʻshinlar tahrir

Dastlab Buxoro qoʻshini faqat chavandozlar, asosan oʻzbeklar, turkmanlar va arablardan iborat boʻlgan boʻlsa, 1837-yilgi harbiy islohot natijasida sarboz — piyoda askarlar paydo boʻlgan. Buxoro amirligining qurolli kuchlari doimiy qoʻshin (Lashkarak) va zaruratga qarab chaqiriladigan mirshablar (Navkarak) dan iborat boʻlgan. Urush (gʻazavot) eʼlon qilingan taqdirda, qurol koʻtarishga qodir boʻlgan barcha musulmonlar xizmatga chaqirilgan.

Piyoda qoʻshin amir qoʻriqchilarining 2 ta rotasi va besh rotadan iborat 13 ta saf batalyon (sarbozilar), jami 14 ming kishidan tashkil topgan. Piyoda qoʻshinlarining qurollari qisman silliq, qisman nayzali-pichoqli miltiq qurollaridan iborat boʻlgan. Bundan tashqari, koʻplab eski gugurtli va chaqmoqli qurollar mavjud boʻlgan. Otliq askar 20 ta polk (10 000 kishilik) galabotirdan iborat boʻlib, ular haqiqiy otliq qoʻshinni tashkil qilgan va 8 polk (4000) xasabardorlardan iborat boʻlib, falkonetlar bilan qurollangan otliq miltiqchilarga oʻxshagan. Artilleriya 20 ta quroldan iborat edi. Buxoro shahrida toʻp quyish, porox zavodi boʻlgan. Harbiy xizmatchilarga taʼminot qisman pul shaklida, qisman natura shaklida maʼlum miqdorda bugʻdoyni botmon miqdorida berilgan.

Yana qarang tahrir

Adabiyotlar tahrir

  • Bregel, Y. (2009). The new Uzbek states: Bukhara, Khiva and Khoqand: C. 1750-1886. In N. Di Cosmo, A. Frank, & P. Golden (Eds.), The Cambridge History of Inner Asia: The Chinggisid Age (pp. 392-411). Cambridge: Cambridge University Press
  • Anke fon Kyugelgen, Legitimizatsiya sredneaziatskoy dinastii mangitov v proizvedeniyax ix istorikov (XVIII-XIX vv.). Almati: Dayk-press, 2004.
  • Olufsen, O. (Ole), The emir of Bokhara and his country; journeys and studies in Bokhara (with a chapter on my voyage on the Amu Darya to Khiva). Gyldendalske Boghhandel, Nordisk Forlag. Copenhagen, London: William Heinemann, 1911

Manbalar tahrir

  1. "Buxoro amirligi" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. JOHN SEYLLER, A MUGHAL MANUSCRIPT OF THE „DIWAN“ OF NAWAʼI in Artibus Asiae, Vol. 71, No. 2 (2011), pp. 325—334
  3. Petrovskiy N. Moya poezdka v Buxaru. // Вестник Европы. — 1873. — № 3.
  4. Spisok generalam po starshinstvu. Chast I, II i III. Sostavlen po 1 iyunya 1911 goda — Spb., 1911, s. 910
  5. "Sankt-Peterburgskie vedomosti", 23 fevralya (8 marta) 1913 g., № 44, st. 3
  6. "Gulshen-al-mulk" Voronovskogo D. G. Muxammada Yakuba Buxari. Dissertatsiya na soiskanie uchenoy stepeni kandidata istoricheskix nauk. T., 1947, str. 206.
  7. Zapiski o Buxarskom xanstve. M. Nauka. 1983 g.