Charxiy (taxallusi; Charxiy, asl ism-sharifi; Hamroaliyev Asqarali) (1900-yil 23-fevral Qoʻqon — 1979-yil 14-dekabr) — Oʻzbekiston xalq shoiri va xattot (1975).

Hamroaliev Asqarali
Asl ismi

Hamroaliev Asqarali

Tavalludi 23-fevral 1900-yil
Vafoti 14-dekabr 1979-yil(1979-12-14)
(79 yoshda)
Qoʻqon
Taxallusi Charxiy
Kasbi shoir
Fuqaroligi SSSR
Mukofotlari Oʻzbekiston xalq shoiri

Tarjimai holi tahrir

Charxiy taxallusi bilan ijod qiluvchi Asqarali Hamroali oʻgʻli Qoʻqonning sharqiy-janubiy tomonida Gulxaniy va Mahzuna tugʻilib ulgʻaygan Sarbotur mahallasida 1900-yil 23-fevralda toʻquvchilar oilasida dunyoga kelgan[1]. Jadid maktabida Gʻalchasoy mahallasida oʻqishni va yozishni oʻrgangan. 1916—1920-yillari Devonbegi madrasasida arab va fors tillarini hamda diniy ilmlarni oʻrgangan. Qoʻqondagi madrasalarning birida taʼlim olayotib, mumtoz sheʼriyat namoyandalari ijodi bilan yaqindan tanishgan va xattotlik sanʼatini oʻrgangan. Otasidan toʻquvchilik kasbini oʻzlashtirib, shu kasb orqali kun kechirgan[2]. Charxiy Hofiz, Saʼdiy, Navoiy, Bedil singari Sharq mumtoz shoirlari va Muqimiy, Furqat, Zavqiy singari zamondoshlari ijodidan saboq olish bilan birga Sulaymonqul Rojiy va Mirza Hoʻqandiydan aruz ilmini oʻrganib, 1916-yildan eʼtiboran gʻazallar yoza boshlagan.

Hamroaliyev Asqarali Qoʻqondagi „Quvvat“ artelida gulabardor (toʻquvchilik korxonalarida gula tayyorlash yoki tandaga gula koʻtarish ishi, kasbi, 192638), Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha tuzilgan qoʻmitada xattot (1939), Muqimiy uymuzeyida ilmiy xodim (1941), Qoʻqon shahar teatrida adabiy emakdosh (1942—1947), Gʻafur Gʻulom nomidagi viloyat Adabiyot muzeyida (1950—1979) ilmiy xodim boʻlib ishlagan.

Charxiy muzeyda ishlagan davrlarida Muqimiy va Furqatning eʼlon qilinmagan bir nechta asarlarini va xatlarini topib, „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasida chop etib borgan. Oʻz sheʼrlari bilan ham tez-tez matbuotda chiqib turgan. Qoʻqonda asarlari tarqamagan bir qancha shoirlar sheʼrlarini gazetalarda eʼlon qilgan. Qoʻqonda yangi muzey tashkil etilishi bilan Toshketdan kelgan bir nechta adabiy materiallar, rasmlar, miniatyura va tasviriy sanʼat ramkalariga Alisher Navoiy qalamiga mansub dostonlardan namuna xatlar ishlagan[2].

Hamroaliyev Asqarali Muqimiyning 18 ta maktubining har biridan bir nusxadan koʻchirib, muzey koʻrgazmalariga qoʻygan. Boshqa youvchi shoirlarning gʻazallaridan 300 misragacha sheʼrlar nusxalab, adabiyot muzeyiga taqdim qilgan. Hamza Hakimzodaning „Pushti gul“ nomli asaridan bir nusxa husnixat koʻchirgan. Shuningdek, Rojiyning „Zarb ul-masal“ kitobini ham nusxalagan. Sanab oʻtilgan barcha asarlar Qoʻqon adabiyoti muzeyida saqlanib kelinmoqda[2].

Asqarali Hamroali oʻgʻlining bir qancha hajviy sheʼlari chop etilgan.

Hamroaliyev Asqaralining asarlari ilk bor 1938—1939-yillarda „Yangi Fargʻona“ gazetasida va keyinchalik „Mushtum“ jurnalida eʼlon qilingan. Charxiy oʻzbek mumtoz adabiyoti anʼanalarini davom ettirib, ham lirik, ham hajviy sheʼriyat janrlarida ijod qilgan. Charxiy ijodining asosiy janrlari gʻazal, muxammas va masnaviydir. Charxiyning „Shirin va achchiq“ (1959) ilk sheʼriy guldastasidan keyin „Sheʼrlar“ (1966), „Alixoʻja Xoʻjaali“ (1970), „Devon“ (1972) va „Beshigingda yotmayman“ (1975) toʻplamlari nashr etilgan. Shoirning koʻplab gʻazallariga kuy bastalanib, xalq hofizlari tomonidan ijro etib kelinadi.

Charxiy 1979 -yil 14-dekabrda Qoʻqonda  vafot  etgan.

Mukofoti tahrir

1975 -yilda Charxiyga  „Oʻzbekiston  xalq  shoiri“  faxriy  unvon  berilgan[3].

Xotirasi tahrir

Qo‘qon ko‘chalaridan biri Charxiy nomi bilan atalgan.

Manbalar tahrir

  1. „Asqarali "Charxiy" Hamroaliev“. Toshkent Sovet Uzbekistoni (15-dekabr, 1979-yil).
  2. 2,0 2,1 2,2 Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda islom madaniyati. Sharq nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2005 — 307-384 bet. 
  3. Sobir Mirvaliyev. O’zbek adiblari. “Fan” nashriyoti, 1993 — 157 bet.