Daosizm (dao soʻzidan) — 1) qad. xitoy falsafasidagi yoʻnalishlardan biri; dao haqidagi taʼlimot. Miloddan avvalgi 6—5-asrlarda vujudga kelgan. Asoschisi Lao-szi hisoblanadi, uning gʻoyalari „Dao de szin“ kitobida bayon etilgan. D. vakillari — miloddan avvalgi 4— 3-asrlarda yashagan Yan Chju, In Ven, Chjuan-szi. D.ga koʻra, tabiat va inson hayoti „ilohiy samoviy qonun“ga bogʻliq emas, balki narsalarning tabiiy yoʻli, qonuni — „dao“ga asoslanadi. Yan Chju fikricha, hayotning tabiiy qonunlari — „dao“ga rioya qilish insonga „oʻz tabiatini butunlikda saqlab qolishga“ imkon beradi. D. dunyodagi hamma narsalarda qaramaqarshiliklar kurashi yotadi, ular oʻzgarishda, harakatda: „bir xil narsalar ketib, boshqa xil narsalar keladi, baʼzi narsalar gullaydi, baʼzilari soʻnadi“, deb hisoblaydi. D. taʼlimotida insonga oʻzidagi majburiyat va burch kishanlarini uloqtirib tashlab, tabiatga yaqin boʻlgan hayotga qaytish daʼvati bor.


Din

Oʻz-oʻzini diniy anglash turlari

Monoteizm  · Dualizm  · Politeizm  · Deizm · Teizm  · Itsizm · Panteizm · Pandeizm

Ibtidoiy dinlar

Totemizm  · Animizm  · Fetishizm  · Shomonizm

Dunyo dinlari

Buddizm · Bahoiylik

Ibrohimiy dinlar

Yahudiylik · Xristianlik · Islom

Dharmik dinlar

Hinduiylik · Jaynizm · Sikhizm · Buddizm

Uzoq Sharqning anʼanaviy dinlari

Daosizm · Konfutsiylik · Sintoizm

Boshqa dinlar

Tangrichilik  · Zardushtiylik

Asosiy gʻoyalari

Tangri · Ruh · Gunoh  · Muqaddaslik · Ruh falsafasi · Iymon  · Dogma · Muqaddas kitoblar  · Oʻlimdan keyingi hayot  · Ibodat  · Ibodatxona

Dinlarning roʻyxati

g · m

2) Xitoyda tarqalgan 3 dindan (konfutsiychilik, buddizm bilan bir qatorda) biri. D. falsafiy taʼlimoti asosida paydo boʻlgan. 1—3-asrlarda vujudga kelgan. Chjan Daolin asos solgan (2-asr ning 1-yarmi). D. urf-odatlari animizmga va sehrgarlikka ishonishga asoslangan. Konfutsiychilik, buddizm elementlari ham bor. D. dinida 3 xudo — Shandi, Laotszi hamda dunyoning yaratuvchisi Pan gu boshchiligida xudolar panteoni shakllangan. 5-asrdan D. diniy taʼlimoti, marosimlari rasmiylashgan va davlat dini boʻlib qolgan. 12-asrga kelib D.ning adabiyotlar toʻplami — „Dao szan“ vujudga keldi. D. boshqa dinlar kabi koʻplab sektalarga ajralib ketgan. D. kohinlari shaxsning axloqiy oʻz-oʻzini takomillashtirish gʻoyasini targʻib qilib, dindorlarga uzoq umr koʻrishning muayyan usulini ham taklif qiladilar, bu usul parhezni, jismoniy mashqlar tizimi va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Ayni vaqtda kohinlar yovuz ruhlarni haydash, fol ochish bilan ham shugʻullanadi. Keyinchalik D. Xitoyda oʻzining ilgarigi mavqeini yoʻqotib oʻrnini boshqa dinlarga boʻshatib bergan. Hozir uning tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil qiladi.