Desikantlar (lotincha: desicco — quritaman) — yetilishini tezlashtirish (5—7 sutka) va hosil yigʻim-terimini osonlashtirish uchun oʻsimliklarni ildizi bilan quritishga, desikatsiyata moʻljallangan kimyoviy moddalar. Pestitsidlar guruhiga kiradi. D. oʻsimlik toʻqimalarini suvsizlantiradi va hayot faoliyatini butunlay toʻxtatadi. D. gʻoʻza, sholi, kartoshka, kungaboqar, qand lavlagi urugʻligi, soya, kanakunjut va b. ekinlar hosilini yigib-terib olishdan kamida 10 kun oldin oʻsimlikni quritishda qoʻllaniladi. Masalan, D. taʼsirida gʻoʻzaning barcha vegetativ organlari quriydi, koʻsaklarning yetilishi va ochilishi tezlashadi, ammo yetilgan tola va chigitga zarar yetmaydi. D. sifatida asosan magniy xloratnpng 60% li suvda eriydigan kukuni (20– 25 kg/ga) va kalsiy xlorat-xloridning (35–40 kg/ga) 42% suvli eritmasi, reglon ishlatiladi.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil