Dotatsiya (lot. dotatio — tuhfa) — 1) maʼlum harajatlarni qoplash uchun iqtisodiyotning bir subʼyekta tomonidan ikkinchisiga qaytarib bermaslik sharti bilan pul mablagʻi berilishi. Dotatsiya, odatda, davlat byudjetidan ajratiladi. Ammo firmalar, korporatsiyalar va uyushmalar oʻz tarkibiga kiruvchi turli boʻlinma va shoxobchalarga ham moliyaviy koʻmak tariqasida dotatsiya beradi. Dotatsiyadan maqsad moliyaviy koʻmakka muxtojlarning qoʻshimcha harajatlarini qoplab, ularning daromad va harajatlarini muvofiqlashtirishdir. Byudjetdan beriladigan dotatsiya aholini ijtimoiy himoyalashni ham moʻljallaydi. Bunda korxona va tashkilotlarning ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tovar va xizmatlarni arzon narxda sotishidan kuradigan zarari qoplanadi. Oʻzbekistonda bozor islohotlarining dastlabki kezlarida barcha aholini qimmatchilikdan himoya etish uchun isteʼmol tovarlari xalqqa arzon narxda sotilib, bundan koʻrilgan zarar davlat byudjeti dotatsiyasi hisobidan qoplandi. Shuningdek, kommunal uy-joy xizmatlariga ham dotatsiya berildi. Bunday dotatsiya uchun 1988-yilda Oʻzbekistan Respublikasi byudjetidan 14,4 mlrd. soʻm, 1999-yil esa 19,3 mlrd so'm dotatsiya ajratildi; 2) muayyan fuqaro yoki alohida tashkilotlarga koʻrilgan zararni qoplash yoki belgilangan maqsadlar uchun davlat tomonidan pul mablagʻlarining ajratilishi.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil