Dublyaj (fransuzcha: doublage), kinofilmlar dublyaji – filmni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilib yaratilgan yangi fonogramma. Dialoglar tarjimasi mazmun jihatdan toʻgʻri, film qahramonlarining soʻzlashuviga – ogʻiz harakatiga mos boʻlishi shart. Tarjimon yoki yangi matn muallifi, muharrir, rejissyor, aktyor, ovoz operatori, montajchi, matn joylashtiruvchidan iborat ijodiy guruh amalga oshiradi. Avval tarjimon dublyaj qilinadigan filmni sinchiklab koʻrib, undagi monolog va dialoglar qaysi vaziyatda, qanday holatda talaffuz qilinishini, aniq bilib olishi lozim. Tarjimadan soʻng muharrir har bir soʻzni aktyor talaffuziga solishtirib tahrir qiladi. Dialog paytida lab harakati aytilayotgan soʻzga muvofiq boʻlishi lozim. Rejissyor film qahramonlari ovoziga moslab aktyor tanlaydi. Nihoyat aktyor ovoziga turli shovqinlar (avtomobil, samolyot, shamol, dengiz toʻlqini, hayvonlar ovozi va boshqalar) qoʻshib yoziladi. Musiqa va tabiiy tovushlar, odatda, filmning aslidan olinadi, baʼzan yangi variant ham tayyorlanadi. „Oʻzbekfilm“da har yili 70–80 film dublyaj qilinadi. R. Ahmedova, O. Yunusov, T. Tojiyev, O. Bakirova, D. Ismoilova, M. Rahimova, Y. Ahmedov, A. Rafiqov va boshqalar dublyaj sanʼatiga munosib hissa qoʻshishgan.

Dublyaj studiyasi

Adabiyotlar tahrir