Egotsentrizm (lot. ego — men va — markaz) — shaxsning oʻz qiziqish doirasiga bogʻlanib qolishi, boshqa odamlar va narsalarga nisbatan oʻzining dastlabki bilishiga oid qarashi yoki fikrini oʻzgartira olmasligi, hatto oʻz tajribasiga qarama-qarshi axborotlarga moslasha bilmasligidan iborat, xislati. E. negizida insonning oʻz nuqtai nazariga qarama-qarshi qarashlar mavjud boʻlishi mumkinligini tan olmasligi, tushuna bilmasligi hodisasi yotadi. Shaxsda oʻziga haddan ziyod ishonish ustuvorligi tufayli u boshqalarning ruhiy holatlari, baholash tizimini oʻziniki bilan aynan bir xil deb tasavvur qiladi. E.ni oddini olish uchun shaxsda tadrijiy ravishda "oʻzlik" markazidan "bizlik" "umumiylik" xattiharakatiga oʻtish qobiliyatini rivojlantirish (detsentratsiya)ni yoʻlga qoʻyish joiz. Yakka shaxs jamoa, millat, jamiyat bilan hamkorlik qilgandagina komil insonga aylanishi hamda koʻpchilik fikri va izmiga tushishi yuksak naf keltirishini uqtirish lozim. Turmushning barcha sohalarida faol ishtirok etish orqaligina E.dan xalos boʻlish mumkin. E. ilk bolalikdan yaqqol koʻzga tashlanadi, lekin 12—14 yoshlarda bu holat yanada kuchayadi, hatto keksalik davrida ham davom etadi. Tadqiqotlarda E.ning bir necha turlari oʻrganilgan: a) bilishga oid E. shaxsning idrok va tafakkur jarayonlarida namoyon boʻladi; b) xulq-atvor E.i odamlarning xattiharakati, xulqi va qiligʻini idrok etishdagi noqobillikda ifodalanadi; v) muomala E.i inson tomonidan axborotni oʻzgalarga uzatishda yuzaga keladi, boshqalar qoʻllagan tushunchalar, maʼlumotlar va fikrlash mantigʻiga mensimay munosabatda boʻlishida aks etadi. Shaxslararo munosabatga kirishish, ishbilarmonlik oʻyinlari bilan shugʻullanish orqali insonda E.ning kamayishi kuzatiladi.