Ekonometriya (yun. uy xoʻjaligini yuritish sanʼati va...metriya), ekonometrika — iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, iqtisodiy axborotlarga ishlov berishning matematik va iqtisodiystatistik usullarini va modellarini ishlab chiqish va qoʻllash bilan shugʻullanadigan fan; E. iqtisodiy hodisa va jarayonlarning aniq miqdoriy qonuniyatlari va oʻzaro aloqalarini matematik va statistik usullar, modellar yordamida oʻrganadi. E.da qoʻllaniladigan modellar yordami bilan statistika, prognoz va reja maʼlumotlar asosida miqdoriy natijalar olinadi. E.ning paydo boʻlishi iqtisodiy tahlillar va taxminlash uchun iqtisodiy statistik usullar va yoʻlyoʻriqlarning zarurati bilan bogʻliq.

Iqtisodiy-statistik maʼlumotlarni matematik usulda oʻrganish 19-asrning oxirlari — 20-asrning boshlaridan boshlandi. 20-asrning 20—30-yillarida E. mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. "E." terminini dastlab polyak iqtisodchisi A. Chompa (1910) qoʻllagan, norveg iqtisodchisi, Xalqaro ekonometriya jamiyati (1930)ning asoschilaridan biri R. Frish unga ilmiy yoʻnalish berdi (1926). Dastlab E. doirasida iqtisodiy jarayonlar va ularga taʼsir etadigan omillar oʻrtasidagi korrelyatsion aloqalarni ifodalovchi analitikstatistik modellar ishlab chiqildi. Iqtisodiy rivojlanishni tahlil qilishda iqtisodiy oʻsish modellaridan foydalanildi. Rus olimi L.V. Kantorovich normativ modellarni ishlab chiqishga katta hissa qoʻshdi.

Hozirgi E. usullari yordamida prognozlashga oid koʻplab masalalarni yuqori aniqlik darajasida yechish mumkin. Hozirgi davrda E. iqtisodiy rivojlanishning matematik usullarini takomillashtirishda, iqtisodiy sikllilikni asoslash, talab va taklif koʻrsatkichlarini hisoblash, talabning oʻzgaruvchanlik xususiyatlarini baholash, ishlab chiqarish sarfxarajatlarini va jamgʻarish surʼatlari oʻzgarishlarini tahlil etish, ishlab chiqarishning tarmoqlararo bogʻlikdigini oʻrganishda va boshqalar masalalarni tadqiq va taxlil etishda qoʻllaniladi. E. boʻyicha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti, Oʻzbekiston milliy universitetining amaliy matematika fti, ToshTU va Toshkent iqtisodiyot untlarida nazariy va amaliy ishlar olib boriladi.2017-yil Oʻzbekiston milliy universitetining Iqtisodiyot fakultetida Ekonometrika kafedrasi ochildi.2018-yildan boshlab esa bu kafedraga talabalar qabul qilinishi boshlandi.

Tursunxo'jayev G'iyosiddin