Ellips (yun. — tushirib qoldirish, yetishmaslik) — nutq yoki matndagi sintaktik qurilma tarkibidan biror unsurning tushirib qoldirilishi, sintaktik qurilmaning tarkibiy "etishmovchiligi", "notoʻliqligi". E. iqtisod (tejamlilik) talabi asosida vujudga kelib, tilning asosiy vazifasiga — zaruriy axborotni yetkazishga xalal bermaydi. Bu holat nutqiy vaziyat bilan bogʻliq boʻlib, tushirib qoldirilgan til birligi sintaktik qurilmaning qolgan qismidan anglashilib turadi (mas, oʻquvchilarni baholashda "Salimga —3, Nodirga — 5" iboralarining qoʻllanishi E.dir). E.dan, odatda, uslubiy figura sifatida foydalaniladi. Badiiy adabiyotda E. koʻpincha dialogik nutqda uchraydi, shuningdek, xalq maqollari, hikmatli soʻzlar va frazeologizmlarda keng qoʻllanadi. Mas, Birniki — mingga, mingniki — tumanga maqolining toʻliq matnmazmunidan ("Bir kishining kasofati ming kishiga tegar, ming kishining kasofati yuz ming kishiga tegar") qaysi soʻzlar tushib qolganligi, yaʼni E.ga uchraganligini bilib olish qiyin emas. Yaxshilar koʻpaysin, yomon qolmasin. Koʻrganni eshitgan yengibdi kabi iboralar ham E. natijasi ("Odam" soʻzi tushib qolgan)dir.

Yana q. tahrir