Erk qalʼa — koʻhna Marv shahri xarobasini tashkil etgan qalʼalardan biri. Turkmanistondagi Murgʻob daryosining oʻrta oqimi boʻyida, Bayramali shahri yaqinida joylashgan. Erk qalʼa Marvning eng qadimiy qismi hisoblanadi. Erk qalʼaning tarhi ovalsimon (400×500 m — 20 ga) boʻlib, Gavr qalʼa mudofaa devorlarining shim. qanotiga tutashgan. Erk qalʼaning markazida./ bal. 25 m dan ziyod ark (50×50 m) joylashgan. Arkning shim.da pastak maydoncha boʻlib, unda harbiy garnizon va toshotar qurollar oʻrnashgan. Erk qalʼada dastlabki qazishmalar 1890-yil Rossiya Arxeologiya komissiyasi aʼzosi V.A. Jukovskiy tomonidan oʻtkazilgan. 1904-yil R.Pampelli boshchiligidagi amerikalik ekspeditsiya, 1937-yil B.B.Piotrovskiy, A.A.Marushchenko va 1947-yil S.A.Vyazigin, 1950—1992-yillarda M.Ye.Masson rahbarligi ostida Janubiy Turkmaniston arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar Erk qalʼaning miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-choragida bunyod etilganini koʻrsatdi. Sosoniylar davrida (35-asrlar) markaziy tepalikda maʼmuriy bino qad koʻtargan, u keyinchalik arablar tomonidan xalifa Maʼmunning Marvdagi qarorgohi sifatida foydalanilgan. Yozma manbalarga koʻra, Erk qalʼa 10-asrdan xarobaga aylangan. Erk qalʼa dan koʻplab sopol va shisha idishlar, sosoniylar tangalari, jez pichoqlar, toshqolip, jez paykonlar topilgan.