Faltset (lot. falso — soxta soʻzidan) — erkak ovozining eng yuqori registri. Tovushlar bosh chanogʻi rezonatori yordamida chiqariladi. Tembrida qoʻshimcha tovush (oberton)lar kamligi bilan asosiy registrlardan farq qiladi (nomi shundan). FALYA Manuel de (1876.23.11, Kadis, Ispaniya — 1946.14.11, AltaGrasiya, Argentina) — ispan kompozitori, pianinochi, dirijyor. 20-asr musika namoyandasi. Madrid konservatoriyasida taʼlim olgan (1896—98). Milliy musiqa jamiyati ga (1914), Milliy musiqa (kante xondo) festivaliga (F.Garsiya Lorka bilan birgalikda, 1912) asos solgan. 1907—14 yillar Parijda, 1939-yildan Argentinada yashagan. F. ijodi ispan kompozitorlik sanʼati choʻqqisidir. Ijodida milliy musika anʼanalari (kante xondo, menestrellar sanʼati, milliy romans, Servantes davridagi professional musiqa va boshqalar) bilan 20-asr Yevropa musiqa yutuqlari uygʻunlashgan. Uslubi aniq mavzulari va bayonning qisqaligi, nozik did bilan saykallangan shakllar, orkestr boʻyoqlarining boyligi bilan ajralib turadi. "Qisqa umr" operasi (1905), "Sexrgar muhabbat" (1915) va "Treugolka" (1919) baletlari, vokal turkumlari ("7 ta ispan xalq qoʻshigʻi", 1914 va boshqalar), fortepiano ("Betik fantaziyasi", 1919 va boshqalar), gitara ("Debyussi xotirasiga", 1920), turli ansambl va konsert asarlari mashhur. Fortepiano va orkestr uchun yozgan "Ispan bogʻlaridagi tunlar" syuitasi (1913) hamda b. asarlarida musiqiy impressionizm tamoyillari oʻz aksini topgan.