Fonogramma (grekcha: φωνή phone — tovush va γράμμα gramma) — maxsus texnik vosita (fonograf, magnitofon, raqamli rekorder kabi)lar yordamida yozilgan tovush sadolari yigʻindisi. Tayyorlanish usuli (mexanik, foto, elektromagnit, elektronraqamli va boshqalar)ga koʻra turli shakllarda namoyon boʻladi: grammofon plastinkasi, magnit tasma, kinotasma, trek, elektron fayl va boshqa Yozish jarayoni xususiyatlariga binoan mono, stereo, kvadro va boshqa turlari ajratiladi. F., odatda, maxsus ovoz yozish studiyasi hamda kinostudiyalarda tayyorlanadi. F. yuqori akustik sifatlari, eng yaxshi ijrolarni tanlash hamda ulardan uzok, muddat mobaynida foydalanish imkoniyatlari tufayli radio (1940-yillar oxiri), televideniye (1950-yillardan), ommabop musiqa madaniyati (ayniqsa, popmusiqa)lan keng oʻrin olgan.

Oʻzbekistonda ovozli kino, radio va televideniye, gramplastinkaga ovoz yozish (Toshkent gramplastinka zavodi, 1945) tizimlari tashkil topishi F. tayyorlash jarayoniga asos soldi (ovoz rej.lari A. Timoxin, Yu. Salnikov va boshqalar). 1962-yildan N. Hasanov tashabbusi bilan stereo F.lar tayyorlana boshlandi ("Shashmaqom" yozuvlari va boshqalar). Keyinchalik A. Tojiyev, R. Umarxoʻjayev, V. Gushchinlar va keyingi yillarda "Mustaqillik", "Navroʻz" kabi davlat bayramlari, yirik shoukonsertlar uchun sifatli F.larni tayyorlashda I. Iosis, I. Minichlar alohida xizmat koʻrsatdilar. Ayni paytda, Oʻzbekistonda F.lar ochiq konsert va turli marosimlarda odat tusini olib, jonli ijrolar kamayib ketishi, musiqiy ijod jarayoniga muayyan (ayniqsa, Gʻarb popmusiqasiga oid) uslubiy qoliplarning singdirishiga sabab boʻlmokda.

Muhiddin Nosirov.