Gelmintlar (Helminthos. yun. helmins, helminthos — chuvalchang, gijja) — har xil sistematik guruhlarga mansub parazit chuvalchanglar guruhi. G.ga 5 tipga mansub jonivorlar, jumladan yassi chuvalchanglardan monogeneyalar, soʻrgʻichlilar, tasmasimon chuvalchanglar va sestodsimonlar; toʻgarak chuvalchanglardan nematodalar va qilchuvalchanglar; halqali chuvalchanglardan zuluklar; tikanboshlilar, nemertinlar hamda sistematik oʻrni toʻliq aniqlanmagan ortonektidlar va ditsiyemidlar kiradi. G. ekologik guruh boʻlib, juda xilma-xil jonivorlarni oʻz ichiga oladi. Teri-muskul xaltasi, tana organlarining uchta embrional varaqdan hosil boʻlishi; tanasi oldingi qismining ixtisoslashib, yopishuv yoki sezgi organlari hosil qilishi hamda bilateral simmetriyalik hamma G. uchun xos boʻlgan umumiy belgi hisoblanadi. Parazitlik qilish xususiyatiga binoan G.ni statsionar va fakultativ parazitlarga ajratiladi. Birinchi guruhga odam, hayvon va oʻsimlik parazitlari (tasmasimon chuvalchanglar, trematodlar, tikanboshlilar va koʻpchilik nematodalar); ikkinchi guruhga — koʻpchilik zuluklar, ayrim kiprikli chuvalchanglar va nemertinlar kiradi. Lichinkalik davrida hasharotlar tanasida parazitlik qiladigan, voyaga yetgan davrida esa erkin yashaydigan qilchuvalchanglar G.ning oʻziga xos guruhini hosil qiladi. Parazitlik qiladigan joyiga binoan G. tashqi — ekto-parazitlar (monogeneyalar, koʻpchilik zuluklar, nemertinlar va turbellariyalarning bir qismi) hamda endo-parazitlar (koʻpchilik gelmintlar)ga ajratiladi.

Parazit hayot kechirish taʼsirida G.ning harakatlanish, xoʻjayin tanasidan tashqarida faol oziq qidirish xususiyatlari yoʻqolgan; bir qancha turlarida hazm sistemasi reduksiyaga uchragan. Buning oʻrniga yopishuv organlari rivojlanib, pushti keskin oshgan, rivojlanish sikli murakkablashib, koʻplab potensial xoʻjayinlarni zararlashga imkon beradigan boʻlgan. G. lichinkasi koʻpincha toʻla-toʻkis yoki qismai asosiy xoʻjayin organizmidan tashqarida rivojlanadi. Rivojlanish xususiyatiga binoan G. geogelmintlar va biogelmintlarga ajratiladi. Geogelmintlar tashqi muhitda, biogel-mintlar boshqa hayvonlar — oraliq xoʻjayin organizmida rivojlanadi. Ayrim biogelmintlar oraliq xoʻjayindan tashqari qoʻshimcha, hatto rezerv xoʻjayinga ham ega boʻladi. Soʻrgʻichlilar va tasmasimon chuvalchanglar sinfiga mansub bir qancha G.da jinsiy koʻpayish bilan birga lichinkalik partenogenez ham uchraydi. Jinsiy va jinssiz gallanib koʻpayish turning saqlanib qolish imkoniyatini oshiradi. Oʻzbekistonda umurtqali hayvoilarda 1000 dan ortiq G. parazitlik qiladi.

Ld..Matjonov N. M., Azimov J. A., Gehtin V. I., Odam va hayvonlarning koʻrinmas yovlari, T., 1977; Parmonov M., Sayidqulov B., Parmonov J., Epizootologiya, T., 1996.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil