Geologiya (geo... va...logiya) — Yer poʻsti va Yerning tuzilishi, tarkibi, harakatlari va rivojlanish tarixi haqidagi fanlar majmui. G.ning dastlabki davri uzoq oʻtmishdan boshlanib togʻ jinslari, minerallar, rudalar haqidagi maʼlumotlar bilan bogʻliq. Geologiya terminini birinchi marta norvegiyalik olim M. P. Esholt (1657) ishlatgan. Geologiyaning umumiy metodi qiyosiy-tarixiy metod boʻlib, oʻtmishni bilish, zamonaviy taraqqiyotni oʻrganish orqali boʻladi (k,.Aktualizm). 18-asr va 19-asr boshlarida Geologiya tabiatshunoslikning mustaqil tarmogʻiga aylandi (xorijda U. Smit, A. G. Verner, J. Getton, Ch. Layel, M. V. Lomonosov, V. M. Severgin). Hozirgi Geologiya bir necha tarmoqlardan iborat: stratigrafiya, tektonika, dinamik, dengiz geologiyasi, mineralogiya, petrografiya, litologiya va geokimyo, foydali qazilmalar Geologiyasidan iborat. Geologiya tabiiy geografiya, geofizika („qattiq“ Yer fizikasi), kristallografiya, paleontologiya va boshqa fanlar bilan yaqindan bogʻliq. Amaliy ahamiyatga ega boʻlganlari: gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi, geokriologiya va boshqa Shuningdek, boshqa tabiiy fanlar bilan tutashgan joyida tarkib topgan yangi yoʻnalishlar — petrokimyo, petrofizika, tektonofizika va boshqa G.ning alohida tarmoqlarini tashkil etadi. Geologiyada 3 asosiy yoʻnalish mavjud: tavsifiy Geologiya — minerallar, togʻ jinslari, ularning tarkibi va yotish shaklini oʻrganadi; dinamik Geologiya— geologik jarayonlar va ular evolkshiyasini tadqiq qiladi; tarixiy Geologiya va geoxronologiya — Yer pusti rivojlanishining izchilligini oʻrganadi.

Geologiya Yer yuzasida (yoki oz chuqurlikda) boʻladigan jarayonlarni oʻrganishda tabiiy geogr. fanlari (geomorfologiya, glyatsiologiya, iqlimshunoslik, gidrologiya, okeanshunoslik va boshqalar) yutuqlaridan foydalanadi; chuqurlikdagi jarayonlar, radiologik yoshni aniqlashda, geologik kddiruv va razvedkada geokimyo va geofizika metodlari qoʻllaniladi („qattiq“ Yer fizikasi, seysmologiya bilan birga).

Geologiya fan sifatida odamlarning amaliy faoliyati negizida tarkib topdi va rivojlandi. Uzoq oʻtmishda odamlar temir, mis, oltin kabi sof metallar qatori qalay, mis birikmalariga boy rudalarni ham topa bilganlar. Shuningdek, ular Yerning, togʻ jinslarining hosil boʻlishi, quruqlik va dengizlarning tarqalish masalalarini hal etishga ham uringanlar. Yunon faylasufi Fales atrofdagi hamma narsalar suvdan hosil boʻlgan va soʻngra qaytadan suvga aylangan deb hisoblagan. Miloddan avvalgi 6—5-asrlarda togʻ tepalarida dengiz mollyuskalarining toshqotgan chigʻanoqlari topilganda. Strabon (miloddan avvalgi 63 yil — milodiy 1-asrning 20-yillari) Yer doimiy oʻzgarishda, harakatda boʻlib goho koʻtarilgan, natijada orol va qitʼalar hosil boʻlgan, goh qaytadan choʻkkan, degan fikr yuritgan. 18-asrning 2-yarmida G. fan boʻlib shakllandi. Rus olimi M. V. Lomonosov „Yer qatlamlari haqida“ (1763) asarida tabiatiing qonuniy evolyutsiyasi gʻoyasini olgʻa surdi. Shotland geologi J. Getton „Yer nazariyasi“ (1788) kitobida Yer tarixini davriy ravishda bir kontinentning yoʻq boʻlishi va yangi kontinentning vujudga kelishining toʻxtovsiz takrorlanuvchi sikllaridan iborat deb tasvirlagan. 18-asrning oxiri — 19-asrning boshida U. Smit, J. Kyuvye, P. S. Pallas, D. I. Sokolovlar stratigrafiya va geologik yilnomaga asos soldilar. M. V. Lomonosov va K. Goff (19-asrning 1-yarmi) aktualizm prinsipini ishlab chiqdilar. Geologiya nazariy asoslarining keyinchalik rivojlani-shi 1829-yilda Eli de Bomon yaratgan kontraksiya nazariyasi (bu nazariyaga koʻra tektonik harakatlarning sababchisi Yer yadrosining qisqarishi boʻlgan) va amerika olimi J. Xoll (1811—98) tomonidan ishlab chiqilgan geosinklinallyar toʻgʻrisidagi taʼlimot asosida boʻldi. 1930-yillarda Geologiyadan neft va gaz geol.si mustaqil soha boʻlib ajralib chikdi. Bu sohaning asoschisi I. M. Gubkin neft va gaz konlarining organik yoʻl bilan paydo boʻlishi toʻgʻrisida yangi gipoteza yaratdi va natijada VolgaUral oraligʻida „Ikkinchi Boku“ neft koni topiddi.

Oʻzbekistan hududida foydali qazilmalarni izlab topish va oʻrganish juda qadim vaqtlardan boshlangan. Geologik izlanishlar oʻrta osiyolik olimlar — Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylarning asarlarida oʻz aksini topgan. Minerallar va ularning tasnifiga Abu Ali ibn Sino ham koʻp ahamiyat bergan. Uning „Shifo kitobi“ asarida toshlar, avvalo, mayda gil choʻkindilarining bir-biriga yopishuvi, soʻngra qotishi tufayli paydo boʻlganligi taʼkidlanadi. U osmondan tushgan tosh (meteorit)lar haqida ham oʻz fikrini aytgan. Ibn Sino togʻ hosil boʻlish va zilzilalar sababini tushuntirib, quruqliklar bir necha bor dengiz bilan almashinib turganligini taʼkidlaydi. Beruniyning minerallar haqidagi asarlari ayniqsa katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U „Mineralogiya“, „Kimmatbaho toshlarni oʻrganish uchun maʼlumotlar toʻplami“ kabi asarlarida 50 dan ortiq mineral va maʼdan: oltin, kumush, mis, temir, qalay, margimush va ayrim mis qotishmalari va boshqa toʻgʻrisida maʼlumot berib, Movarounnahrda qanday konlar borligini aytgan. Minerallarni qattiqligi, s. of. kabi fizik xossalarini oʻrgangan. Yerning yoshini aniqlashda ham olimning hissasi bor. Oʻrta Osiyo hududini rejali ravishda urganish I. V. Mushketov faoliyati bilan bogʻliq (19-asr). U Oʻrta Osiyoning toʻliq, haqiqiy ilmiy geologik va tektonik sxemasini tuzdi. 20-asr boshlarida K. I. Bogdanovich, V. N. Veber, D. V. Nalivkin, V. A. Obruchev va boshqa tadqiqot ishlari olib borishgan. Oʻzbekistonda geologik tadqiqotlar olib borish 1920-yillardan keyin jadallashdi. Oʻrta Osiyo davlat universiteti (Toshkent)ning fizikamatematika fakultetida geolog olimlar O. K. Lange, M. M. Protodyakonov, A. S. Uklonskiy, V. G. Muxin, N. F. Bezobrazovalar rahbarligida geolog mutaxassislar boʻlimi tashkil etildi.

1920-yillar oʻrtalaridan geologik tadqiqot ishlari markaziy geol. tashkilotlaridan tashqari joylardagi muassasalarda ham olib borildi. Oʻzbekistonda geol. xizmati tashkil etildi.

1928-yilda Toshkentda geologlarning sʼyezdi chaqirildi. Sʼyezd Oʻrta Osiyoda olib borilgan geologik tadqiqotlarga yakun yasadi. Sʼyezdda Oʻrta Osiyoning kumir, neft, oltingugurt, rangli metallar, nodir metallarga boy ekanligi eʼtirof etildi. 1930—1940-yillarda regional Geologiyaga oid ishlar qilindi va ayrim kon va rayonlar mukammal tekshirildi. 1931-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti huzurida Oʻrta Osiyo geol. va qidiruv boshqarmasi tashkil kilinib, 1933-yilda Oʻrta Osiyo industriya institutining kon fakultetiga aylantirildi. 1932-yilda Fanlar qoʻmitasi tuzildi. Uning qoshida gidrogeologiya va muhandislik geol. yasi, geol. va mineralogiya sektorlari ishlay boshladi. 1937-yilda Oʻzbekistonda geologiya ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi, natijada geol.ning deyarli hamma sohalari boʻyicha yuqori malakali olimlar yetishtirish imkoniyati yaratildi va ilmiy tadqiqot ishlari avj oldi. Oʻsha yili Oʻzbekistonning mayda masshtabli geologik haritasi va unga oid uch jildli „Oʻzbekiston geologiyasi“ asari (1937—1939), shuningdek Oʻzbekistonning mineral xom ashyo boyliklarini tadqiq qilinishiga bagʻishlangan yirik ilmiy asarlar nashr etildi. A. V. Korolevning „Olmaliqning strukturasi va metallogeniyasi“, V. N. Nasledovning „Gʻarbiy Tyanshan va Oʻzbekiston metallogeniyasining asosiy belgilari“ va boshqa ilmiy asarlarida Oʻrta Osiyo rudali rayonlarining geologik tuzilishi va ruda konlari tasvirlab berildi.

H. M. Abdumasv „Oʻrta Osiyoning sheelitli skarn konlari“ (1947) ilmiy asarida sheelitli skarnlar, ularning istiqbollari haqida yangi nazariyani olgʻa surdi. Uning rahbarligida otqindi jinslar bilan rudali konlarning genetik bogʻliqligi haqidagi muammo ustida ish olib borildi. Bu tadqiqotlarga H. M. Abdullayev „Rudalanishning granitoid intruzivlar bilan genetik bogʻlikligi“ asarida yakun yasadi. Bu asar Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Davlat mukofotiga sazovor boʻldi (1959). Olimning ilmiy fikrlarini Oʻzbekistan Fanlar akademiyasining akad.lari H. N. Boymuhamedov, I. H. Hamroboyev, H. A. Akbarov, muxbir aʼzolari E. M. Isamuhamedov va professorlar Q. L. Boboyev, I.M. Mirxoʻjayev, R. A. Musin va boshqa yanada rivojlantirdilar. Ular Yerning chuqur qatlamlarida sodir boʻladigan jarayonlar bilan genetik bogliq boʻlgan endogen konlarni vertikal zonalar boʻylab joylashishi haqidagi nazariyani ishlab chikdilar. Bu nazariya asosida Oʻzbekistonning metallogenik haritasi tuzildi.

1960-yillardan Oʻzbekistonda geologik tadqiqotlar atroflicha olib borildi. Petrometallogenik tadqiqotlar (H. M. Abdullayev, I. H. Hamroboyev, E. M. Isamuhamedov, H. N. Boymuhamedov, Q. L. Boboyev, T. Sh. Shoyoqubov, T. N. Dolimov), mineral geokimyoviy tadqiqotlar (A. S. Uklonskiy, 3. M. Protodyakonov, S. T. Badalov), litologik, gidrogeologik (V. I. Popov, N. P. Petrov, O. M. Akramxoʻjayev, A. G. Boboyev, V. I. Troitskiy), gidrogeologik (X. T. Toʻlaganov, M. M. Krilov, N. A. Kenesarin, N. N. Tojiboyev, S. Sh. Mirzayev), muhandislik geol.si (F. O. Mavlonov), geofizika (Ye. M. Butovskaya, V. I. Ulomov, F. Zunnunov va boshqalar), geotektonika va regional geologiya va boshqa tadqiqotlar (M. A. Ahmadjonov, O. M. Borisov), seysmologiya tadqiqotlari, metamorfizm tadqiqotlari (I. M. Mirxoʻjayev) keng koʻlamda olib borildi, respublikada koʻp oltin, gaz va neft konlari topildi.

Keyingi paytlarda Oʻzbekistan geolog olimlari tomonidan Tyanshan togʻlarining Ural toglari bilan genetik bogʻliqligi toʻgʻrisidagi fikr olgʻa surildi. Bu muammoning ijobiy hal qilinishi bilan Tyanshan togʻlarida Uralga xos metall konlarini qidirish maqsadga muvofiq boʻladi, togʻ tizmalari orasida joylashgan choʻllarning bagʻrida turli metall konlarini qidirib topish istiqbollarini kengaytiradi. Qizilqumda va Sulton Uvays togʻlarida Ural togʻlariga xos oltin, temir, nikel kabi konlarning ochilishi yuqoridagi muammoni ijobiy hal qilishga olib kelmoqda.

Oʻzbekistan geol.sini oʻrganish, turli masshtabdagi maxsus geologik haritalar tuzilganliga, mineral xom ashyo konlarining ochilishi, ularni razvedka qilib va ishlab chiqarishga topshirilganligi Oʻzbekiston Geologiya va mineral resurslari davlat qoʻmitasi geolog mutaxassislari olib borgan ishlarining mahsulidir.

Keyingi yillarda geolog olimlar okeanlar tubining tuzilishi, tarkibini oʻrganishga kirishdilar. Okean tubidagi choʻkindi jinslar ichida temir, marganes, polimetallar borligi, shuningdek okean qirgʻoqlarida tuz choʻkindilari va ular bilan neft va gaz qatlamlari bogʻliq ekanligi maʼlum boʻldi. Okean tubida tarqalgan jinslarning tarkibiy tuzilishi va ularning hosil boʻlish payti va sharoitlari mukammal oʻrganildi. Olingan maʼlumotlar asosida okean tubining tobora kengayib borayotganligi haqida yangi gipoteza ishlab chiqildi.

Oʻzbek geol. maktabi respublikada ham, undan tashqarida ham geol.ga oid ilmiy ishlab chiqarish vazifalarini muvaffaqiyatli hal qilgan koʻplab mashhur geolog olimlarni yetishtirdi (H. M. Abdullayev, O. M. Akramxoʻjayev, H. N. Boymuhamedov, N. P. Vasilkovskiy, V. G. Garkoves, E. M. Isamuhamedov, N. A. Kenesarin, A. V. Korolev, Gʻ. O. Mavlonov va boshqalar).

Hozirgi paytda geol.ning paleontologiya va stratigrafiya, dinamik geol., petrologiya, paleogeografiya, tektonika, geofizika, mineralogiya va boshqa sohalari boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari UzR Davlat Geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tasarrufidagi ilmiy tadqiqot institutlarida, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika institutida hamda UzMU va ToshDUda bajarilmoqda.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Abdullayev X. M., Sobr. soch., t. 1—7, T., 1964-69;
  • Akramxodjayev A. M., Litologiya neftegazonosnix melovix otlojeniy Ferganskoy depressii, T., 1960;
  • Obruchev V. A., Geologiya asarlari, T., 1955;
  • Endogennie rudnie formatsii Oʻzbekistana, T., 1968;
  • Geologiya gazovix mestorojdeniy Oʻzbekistana, T., 1971.

Muxtor Ahmadjonov.