German tillari - hind-yevropa tillari oilasiga mansub tillar guruhi. Gʻarbiy Yevropadagi Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Niderlandiya, Belgiya, Shveytsariya, Lyuksemburg, Shvestiya, Daniya, Norvegiya, Islandiya mamlakatlarida, Shim. Amerikada (AQSH, Kanada), JAR, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Osiyoda (Hindiston, Pokiston va b.) keng tarqalgan. G. t.da 550 mln.ga yaqin kishi soʻzlashadi (1990-yillar oʻrtalari). G. t. 3 kichik guruhga boʻlinadi: shim. (shved, dan, norveg , island, farer tillari); gʻarbiy (ingliz, nemis, niderland, Lyuksemburg , afrikaans, friz, idish) va sharqiy (got, burgund, vandal, gepid, gerul kabi "oʻlik tillar"). Milliy G. t. qabila shevalaridan tashkil topgan. German qabilalari dastlab Skandinaviya ya. o. janubida., Yutlandiya ya. o. va Shlezvig-Golshteyn hududida joylashadi. Qad. german shevalari shim. va jan. guruxlarga boʻlingan. Mil. av. 2—1-asrlarda german qabilalarining bir qismi Skandinaviyadan Boltiq boʻyidagi hududlarga koʻchib, sharqiy german guruhini tashkil etgan. Sharqiy Skandinaviya shevalari asosida keyinchalik shved va dan tillari, Gʻarbiy Skandinaviya shevalari asosida esa norveg tili vujudga keldi. 19—20-asrlarda Islandiya va Farer o.lariga Norvegiyadan koʻchmanchilar kelishlari natijasida norveg tili va farer tili yuzaga keldi. Hind-yevropa tillarining keyinchalik yuzaga kelgan vakili — idish tili 10—14-asrlarda yuqori nemis shevalarining semit va keyinchalik slavyan tillarita xos ayrim unsurlardan tashkil topadi. Afrikaans tili esa niderland shevalarining ingliz, nemis, fransuz tillari hamda baʼzi afrika, malay-portugal tillari bilan qoʻshilishi natijasida paydo boʻldi.

G.t.ning tarixiy rivojlanishi shartli ravishda 3 davrga boʻlinadi: 1) qad. (yozuv paydo boʻlgandan to 11-asrgacha); 2) oʻrta (12—15-asr; yozuvning rivojlanishi va bu tillarning keng ijtimoiy qoʻllanishi); 3) yangi (16-asrdan hozirgigacha; milliy tillarning tashkil topishi va takomillashuvi).

German milliy-adabiy tillari 16-asrda Skandinaviya mamlakatlarida, 16— 17-asrda Angliyada va 18-asrda Germaniyada shakllangan. Hoz. Norvegiyada adabiy tilning 2 shakli mavjud: riksmol (1929-yildan bukmol) va lansmol (1929-yildan nyunor). Ingliz tilining Angliyadan tashqarida tarqalishi uning AKSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, JAR variantlarini keltirib chikardi. Nemis tili oʻzining Avstriya variantiga, Shveysariyada yana ikki varianti — shveysar shevasi va adabiy tiliga ega. 1984-yilda Lyuksemburg tili milliy til mavqeiga ega boʻldi.

G. t. boshqa hind-yevropa tillaridan quyidagicha farqlanadi: kuchli dinamik urgʻu birinchi (oʻzak) boʻgʻinda boʻladi; urgʻusiz boʻgʻinlar reduksiyaga uchraydi; unlilar assimilyativ oʻzgaradi; abluat hodisasi morfologik xususiyat kasb etadi; sifatlar kuchli va kuchsiz turlanadi va h. k.

G. t. grammatik xususiyati analitizmi turli darajada boʻlishi, kelishiklarning soni va turlanishi turlicha ekanligi, feʼllardagi turli alomatlar bilan belgilanadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil