Geterozis (yun. heteroisis — oʻzgarish, farqlanish) — duragay quvvatining namoyon boʻlishi, yaʼni duragaylar koʻrsatkichining ota-onaning oʻrtacha koʻrsatkichlari yoki ota-onadan birining yaxshi koʻrsatkichlariga nisbatan ustun kelish hodisasi. "G." terminini fanga amerikalik genetik G. Shell kiritgan (1914). G. qarindosh boʻlmagan shakllarni; har xil liniya, zot (nav) va hamma turlarni oʻzaro chatishtirishdan olingan birinchi avlod duragaylari uchun xos. Keyingi avlodlarda (duragaylar oʻzaro chatishtirilganda) uning samarasi susayadi va yoʻqoladi.

G. gʻoʻzada vegetativ organlarning kuchli rivojlanish (somatik G.), urugʻ mahsuldorligi (reproduktiv G.), shuningdek polimer genlar boshqaradigan miqdoriy tartibdagi qimmatli xoʻjalik belgilari boʻyicha kuzatiladi.

G. ijobiy va salbiy boʻlishi mumkin. Ijobiy G.da birinchi avlod duragayi — F, koʻrsatkichlari ota-onaning har ikkisinikidan ham ustun, salbiy F, da esa pastroq boʻladi. Turlararo duragaylashning eng yaxshi kombinatsiyalarida birinchi avloddagi G. 50—100% ga yetadi. Tetraploid turlarning tur ichidagi duragaylarida G. sustroq boʻlib, 30—40%ni tashkil etadi.

Makkajoʻxorining oddiy va qoʻsh liniyalararo duragaylari umumiy don hosilini 20—30% oshirishga imkon beradi. G.ning genetik asosi — gen ichidagi, genlararo oʻzaro taʼsir munosabatlariga asoslangan. G.ning asosida yotuvchi geterozigotalikning ahamiyatini isbotlovchi dalillardan biri tabiiy populyatsiyalardagi individlarning koʻp sondagi genlar boʻyicha geterozigotaligidir. Q.x.da makkajoʻxori, pomidor, piyoz, bodring, tarvuz, beda va b. ekinlarning duragay urugʻlarini yetishtirish usullari ishlab chiqilgan. Chorvachilikda G. hodisasi duragaylash, zotlararo va zot ichida chatishtirishda kuzatiladi va qishloq xoʻjaligi hayvonlari mahsuldorligini oshirishni taʼminlaydi.

Sharifjon Toʻrabekov.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil