Gingivit (lotincha: gingiva — milk, itis — yalligʻlanish) — milk shilliq qavatining yalligʻlanishi. Meʼda-ichak, nafas aʼzolari, yurak-tomir, nerv sistemasi, periodontit, paradontoz, qon kasalliklari, infeksion kasalliklar, avitaminozlar, ogʻir metallar (simob, qoʻrgʻoshin va b.)ning tuzlaridan zaharlanish,. tish toshi gingivitga sabab boʻladi. Baʼzan antibiotshlar yoki boshqa dorilar qabul qilinganda ham gingivit yuzaga keladi. Hayz sikli buzilganda, homiladorlik va balogʻatga yetish davrida koʻp uchraydi. Chirigan tish qirrasi, notoʻgʻri qoʻyilgan tish yoki yasama tish, shuningdek, dagʻal tish choʻtkasining milkni chaqalashi, kimyoviy moddalar va issiqdan kuyish ham gingivitga sabab boʻlishi mumkin. gingivitda milk qizarib shishadi, bezillab turadi va salga qonaydi (kataral gingivit), milk cheti kulrang karash bilan qoplanadi, ostidan yara chiqadi, ogʻizdan sassiq hid keladi. Soʻlak oqadi, temperatura koʻtariladi, jagʻ ostidagi limfa bezlari kattalashadi (yarali gingivit); milk oʻsib, butun tishni qoplaydi, ogʻriq sezilmaydi (gipertrofik gingivit) yoki aksincha tish ildizi ochilib qoladi (atrofik gingivit). gingivit ga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlganda darhol vrachga koʻrinish zarur. Oldini olish uchun ogʻiz boʻshligʻini toza tutish, bot-bot stomatolog vrachga murojaat qilib, tish toshini oldirish va chirigan tishlarni davolatib turish lozim.

Yana qarang tahrir

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil