Gipotrofiya (gipo-kam va yun. trophe — ovqat, oziq) — bolalar ovqatlanishining surunkasiga buzilishi natijasida ularning asta-sekin ozib ketishi. G. asosan yosh bolalar (goʻdaklar)da uchraydi, onaning turli kasalliklari oqibatida homilada ham paydo boʻlishi mumkin. Ona suti kam boʻlib, bolaning och qolishi, notoʻgʻri emizish, kam va bir xil ovqatlar, shuningdek, anchagacha sut aralashmalari bilan ovkatlantirish, bolani notoʻgʻri parvarish qilish, chala tugʻilish, toza havoda kam boʻlish, meʼdaichak yoʻlining irsiy yoki orttirilgan kasalliklari, bot-bot shamollash G. ga sabab boʻladi. Bola organizmiga yetarli ovqat tushmasligi bois u oʻzining zaxira oqsillari, yogʻlari, uglevodlari va b.ni sarflay boshlaydi, natijada organizm juda ochiqib, holsizlanib qoladi. Suyak sistemasining shakllanishi, moddalar almashinuvi, turli aʼzolar va nerv sistemasining funksiyasi buziladi, bola organizmining turli kasalliklarga qarshiligi susayadi. G.da bolaning vazni kamayadi, oʻsishi va rivojlanishi sekinlashadi, terisi burishib okaradi, yumshaydi, quruq boʻlib qoladi, dardga tez chalinadi. G.ni faqat vrach davolaydi. Bolani iloji boricha koʻkrak suti bilan boqish va u emgan sut miqdorini nazorat qilib borish, bola boqish tartiblariga amal qilish va oʻz vaqtida qoʻshimcha ovqatlar berish, iloji boricha bolani ochiq xavodan bahramand etish, kasalliklarni oʻz vaqtida davolatish zarur.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil