Gips (yun. gypsos—boʻr,ohak) 1)tabiiy gips—mineral; suvli kalsiy sulfat tuzi CaSO4•2H2O; tarkibida sof holda CaO (32,56%). SO3 (46,51%), H2O (20,93%) boʻladi. Monoklin sistemada kristallanadi. Kristallari plastinkasimon, ustunsimon, ninasimon va tolasimon koʻrinishda boʻladi. Koʻpincha, tutash donador, tolasimon massalar, turli kristallik guruhlar tarzida uchraydi. Toza gips rangsiz va shaffof; tarkibida qoʻshilmalar boʻlgani kulrang, sargʻish, qoʻngʻir va boshqa rangda boʻladi. Mineralogik shkala boʻyicha qattialigi 1,5—2; zichligi 2300 km/m3. 20° da suvda eruvchanligi 2,05g/l. 170° atrofida qizdirilganda yarimgidrat CaSO4 0,5 H2O (alebastr) ga, undan yuqori temperaturada esa CaSO4 ga aylanadi. Gips suvi quriy boshlagan koʻl va dengiz havzalarida sulfat tuzlarining choʻkishidan paydo boʻladi. Gips zaxiralari esa asosan gidrotermal jarayonlar hamda angidridning gidratlashishi natijasida hosil boʻladi. Gips qatlamlari Oʻzbekistonning Fargʻona (Quvasoy), Buxoro (Kogon) va Surxondaryo viloyatlarida topilgan; 2) Qurilish gipsi— CaSO4•5H2O — havoda tez birikadigan va tez qotadigan bogʻlovchi modda; tabiiy gipsni 140—190° temperaturada pishirib olinadi. Qovushoq materiallar tayyorlashda, gips-beton, gips-beton buyumlar, koshinkor toshlar, boʻyoqlar ishlab chiqarishda, tibbiyotda (bogʻlov materiallari tayyorlashda), haykaltaroshlikda, suvoqchilik ishlarida ishlatiladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil