Glitserin (yun. glykeros — shirin) — 1, 2, 3-propantriol, HOCH2-CH(OH)-CH2OH — uch atomli oddiy spirt; rangeiz, hidsiz, shinniga oʻxshash, chuchmal suyuqlik; Mol. m. 92,09, zichligi 1260 kg/m3, suyuqlanish temperaturasi 17,9°, qaynash temperaturasi 290°, suvga, metil va etil spirtlarga, atsetonga aralashadi, spirt bilan efir yoki xloroform aralashmasida eriydi; yogʻ, benzin, benzol, uglerod sulfidda erimaydi. Organik va anorganik moddalarni, mas, tuz, ishqor, shakarlarni eritib yuboradi; havodan suv yutadi (ogʻirlik jihatidan 40% gacha). Suv bilan aralashtirilsa issiqlik ajralib chiqib, kontraksiya (hajm kamayishi) hodisasi kuzatiladi. Boshqa spirtlar kabi metall glitseratlar hosil qiladi.

Glitseringa mineral kislotalar taʼsir ettirib efirlar olinadi, mas, nitrat va sulfat kislotalar aralashmasi taʼsir ettirilsa, nitroglitserin hosil boʻladi. Glitserin tabiiy yogʻ va karbon kislotalarning triglitseridlari aralashmasidan iborat moylar tarkibida boʻladi.

Sanoatda oziq-ovqat yogʻlarini turli katalizatorlar (kislotalar, ishqorlar, fermentlar) ishtirokida sovunlash yoʻli bilan olinadi. Hozir Glitserinni sintez yoʻli bilan propilendan olish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Glitserin organizmda yogʻlar va fosfatidlarning parchalanishidan hosil boʻlib, yogʻ va uglerod almashinuvida bogʻlovchi vositasini oʻtaydi. Yuqori yogʻ kislotalarining triglitseridlari hayvon va oʻsimlik yogʻlarining asosini tashkil etadi. Glitserin nitroglitserin, gliftal smolalar i.ch.da, matolar, teri va qogʻozni yumshatuvchilar, emulgatorlar, antifrizlar, surkov moylari, poyabzal moylari, sovun va yelimlar, atir-upa va kosmetik preparatlar, tibbiyot mazlari, likyorlar, qandolat mahsulotlari komponenti sifatida qoʻllaniladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil