Gobelen (rus.) — qoʻlda tasvir hosil qilib toʻqilgan gilam (shpaler), badiiy buyum. Parij manufakturasi (1662)ning mahsulotlari dastlab shunday atalgan (15-asrning mashhur boʻyoqchilari Gobelenlar nomidan). G. rangli jun va ipak (baʼzan tilla va kumush) iplar bilan rassomlar (manufaktura boshqaruvchisi rassom Sh. Lebren, 18-asrda F. Bushe, J. B. Udri va b.) kartondan buyumning tabiiy kattaligida bajargan tasvirlari asosida toʻqilgan. Masalan, Rafael Vatikan uchun havoriy (apostol)lar hayotiga oid shpalerlar turkumi kartonlarini chizib bergan, toʻquvchi ustalar shu kartondan foydalanib G. toʻqiganlar. Alohidaalohida toʻqilgan boʻlaklar bir-biriga tikilib yaxlit tasvir hosil qilingan. G.ning uziga xos xususiyati oʻngining chiviqli yuzasi va orqa tomonining notekisligidir. 17— 18-asrlar G.lari yuksak badiiyligi (tarixiy, afsonaviy, diniy va adabiy mazmuni) bilan mashhur boʻlgan, shu tufayli boshqa manufakturalarda taqlidan yaratilgan shpalerlar ham G. deb atala boshlangan. 19-asrdan patsiz, patli, gilamsimon toʻqima matolar, hatto tasvir ishlangan kigizlar ham G. deb atala boshlandi. Hozir qoʻlda va mashinalarda tabiiy va sunʼiy tolalardan toʻqilgan patsiz, patli mebel matolari, turli bezak matolar ham G. deb ataladi.

Oʻzbekistonda G. 1960-yillardan toʻqila boshlandi. 1970—80-yillarda keng tarqaldi. M. Churlu, Ya. va A. Ishoqovlar, L. Taldikina kabi ustalar samarali mehnat qildilar. G.ning asosiy markazlari Toshkent va Fargʻona sh.laridir. Fargʻona (V. Useinova, L. Semizarova, S. Shixova va b.) va Toshkent (M. Tyurina, R. Ibrohimova va b.) ustalari bu sohada barakali ijod qilmoqda. Oʻzbekiston G.larida Sharq bezaklari, tabiat manzaralari, mahalliy tasvir, rang-baranglik ustun turadi. Yana q. Gilamchilik.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil