Gulxaniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Sharif) (taxminan 18-asrning oxiri – Qoʻqon – 19-asrning 20-yillari) – oʻzbek mumtoz shoiri, oʻzbek adibi, masalnavis, oʻzbek adabiyotida satirik maktab yaratuvchilaridan biri.

Hayoti tahrir

Hayoti va ijodi haqida „Majmuai shoiron“ (Fazliy Namangoniy), „Tuhfat ul-axbob“ (Qori Rahmatulloh Vozeh), „Sabot ul-bashar va tarixi muhojiron“ (Dilshod Otin) kabi asarlarda ayrim maʼlumotlar keltirilgan. Fazliy Gulxaniyning „Koʻhiston mulkidan“ ekanligini taʼkidlasa, Vozeh uni namanganlik, deydi. Gulxaniy Namangan va Qoʻqonda yashagan, oz vaqt hammomda oʻt yoquvchi – goʻlax vazifasida ishlagan (taxallusi shundan). Qoʻqon xoni Amir Olimxon navkarlari safida xizmatda boʻlgan (1801–1810). Mustaqil mutolaa yoʻli bilan mumtoz adabiyotni oʻrgangan. Olimxon vafotidan (1811) soʻng taxtga oʻtirgan Amir Umarxon (Amiriy) Gulxaniyni saroy shoirlari davrasiga jalb etgan. Shoir xonni maqtagan, uning gʻazallariga naziralar bitgan. Umarxon vafotidan soʻng vataniga qaytib, koʻproq oddiy insonlarga manzur boʻluvchi sheʼrlar yoza boshlagan. Oʻtli hajvlarni yaratgan.

Ijodi tahrir

Gulxaniy oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Turk va fors tillarida ham asarlar bitgan. Bizgacha bir necha gʻazali, hajviyalari hamda „Zarbulmasal“ („Yapaloqqush“ hikoyasi) nasriy asari yetib kelgan.

Gʻazallari tahrir

Gʻazallarida lirik qahramonning ruhiy kechinmalari, bahor, real hayotiy manzaralar oʻz ifodasini topgan („Barmogʻim“, „Ey toʻti“, „Lola koʻksidek bagʻrim...“). „Bideh“ (bergil, ber menga) radifli gʻazalida shoir navkarlik davridagi hayotini tasvirlagan. Bu gʻazalga chuqurroq nazar tashlansa, muallif katta ijtimoiy masala — oʻz davrining harbiy tartibi, rasm-rusumlari haqida fikr yuritganligini kuzatish mumkin. Gʻazalida lirik qahramonning obrazi umumlashma obraz darajasiga koʻtarilgan. Gulxaniy oʻzining zoʻr isteʼdodi, tajribasi, turmushga haqqoniy qaray bilishi tufayli xalqchil ijodkor sifatida koʻringan. Shoirning bizga maʼlum gʻazallarining ayrimlari Amiriy sheʼrlariga nazira tarzida yaratilgan boʻlib, ular oddiy taqlidchilik doirasida qolmay, barkamol mustaqil badiiy asar darajasiga koʻtarilgan. Gulxaniyning sheʼriy ijodi, garchand, hajman katta boʻlmasada, 19-asr oʻzbek milliy adabiyoti rivojiga samarali taʼsir koʻrsatdi.

„Zarbulmasal“ asari tahrir

„Zarbulmasal“ asari nafaqat oʻzbek mumtoz adabiyoti, balki butun Sharq adabiyotining ham nodir namunasidir. „Zarbulmasal“ asari Umarxonning topshirigʻi bilan yozilgan. Gulxaniy unda xalq maqollari (400 ga yaqin maqol), sajlar (qofiyali nasr), masal va rivoyatlardanfoydalangan. Bu masal va rivoyatlar tematik jihatdan bir-biriga bogʻlanib, yagona bir syujetni tashkil etgan. Asarda Yapaloqqush bilan Boyoʻgʻlining quda-anda boʻlishi sarguzashtlari majoziy, oʻtkir hajviya tarzida tasvirlangan. Gulxaniy qushlarning oʻzaro murakkab munosabatlari asosida oʻz davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratgan.

„Zarbulmasal“da „Kalila va Dimna“ da sharq mumtoz nasri anʼanalari davom ettirilgan. Hajviy qissa janrida yaratilgan bu asarlarda ramziy-majoziy timsollar vositasi bilan zamonasining nosozliklari fosh etilgan. „Zarbulmasal“ ning bir necha qoʻlyozma va bosma nusxalari mavjud, ular OʻR FA ShI da saqlanadi. Ayrim manbalarda devon topilgani aytilsada, biroq u topilmagan.

Xotira tahrir

Gulxaniy ijodi A.Qayumov, M. Salye, Fitrat, B. Karimov, R.Muqimov, F.Ishoqov, M. Qoʻshjonov, M. Qoʻshmoqov, A. Asrorov v.b. olimlar tomonidan oʻrganilgan.

Shoir nomi Qo'qon shahri va Toshkent shahar Shayxontohur tumanlarida joylashgan ko'chalarga berilgan. [1]

Adabiyotlar tahrir

  • Muqimov R., Gulxaniyning hayoti va adabiy faoliyati, Samarqand, 1955; Zohidov V., Oʻzbek adabiyoti tarixidan, T., 1961; Ishoqov F., Gulxaniy va uning adabiy merosi, T., 1974.
  • Abdurashid Abdugʻafurov.[2]

Nashr qilingan asarlari tahrir

  • Gulxaniy. Zarbulmasal (nashrga tayyorl. F.Ishoqov). - T: 1958;
  • Oʻzbek adabiyoti. 4 jildlik 3-jild. - T: 1959;
  • Gulxaniy. Tanlangan asarlar. - T.: 1951, 63b.

Adabiyot tahrir

  • Oʻzbek adabiyoti tarixi. 4-jild. — T.: 1978;
  • F.Ishoqov. Gulxaniy va uning „Zarbulmasal“ asari. — T.: Fan, 1972;
  • F.Ishoqov. Maktabda Gulxaniy ijodini oʻrganish. — T.: 1986;
  • M.Qoʻshjonov. „Zarbulmasal“ asarining badiiy xususiyatlari. Kitobda: Mohiyat va badiiyat. — T.: 1974;
  • M.Qoʻshmoqov. Mulla Gulxaniy. „Sharq yulduzi“ jurnali 1991, № 1.

Manbalar tahrir

  1. „Gazeta.uz“.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Tanlangan asarlar. Zarbulmasal va gʻazallar, T., 1960.