Hikmat Latipov (1900.1.1, Buxoro — 1981.4.2, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1950). Sahna faoliyatini Buxoro teatrida boshlagan (1922— 24). Moskva oʻzbek drama studiyasida taʼlim olgan (1924—27). 1927—61 yillar Hamza teatrida aktyor. L. yaratgan obrazlari oʻz harakteri bilan obrazning gʻoyaviy va ijtimoiy mohiyatini, ichki olamini chuqur va haqqoniy ochilishi va zoʻr taʼsirchanligi bilan ajralib turadi. Ifodali sahna nutqi, mimika va grimmning mukammalligi, ijrosi sodda va hayotiyligi bilan qimmatlidir. Teatr sahnasida Barax ("Malikai Turandot"), Mengo ("Qoʻzi buloq"), Podkolyosin ("Uylanish"), Qodirqul mingboshi ("Boy ila xizmatchi"), Abdulmalik ("Alisher Navoiy"), Yormat ("Qutlugʻqon"), Brut ("Yuliy Sezar") kabi 80 dan ortiq obraz yaratgan. L. mashhur kino aktyori sifatida oʻzbek kinosining rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Ab-dujabbor ("Stadionda uchrashamiz"), Mansur ("Koniyut gʻorining siri"), Shukur ("Laylak keldi, yoz boʻldi"), Gʻani ("Sayyod qoʻngʻirogʻi"), Sayd Obid ("Ulugʻbek yulduzi"), Joʻra ("Joʻra sarkor"), ota ("Sevgi fojiasi"), Ochil Buva ("Chinor") va boshqa aktyorga shuhrat keltirgan rollaridir.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil