Ibn Arabshoh Shihobuddin Ahmad Ibn Muhammad Ibn Abdullox. Ibn Ibrohim (1388, Damashq — 1450, Qohira) — arab tarixchisi. Amir Temur Shom (Suriya) ni egallagach (1401), I. A. ni qarindosh-urugʻlari bilan Samarqandga keltirgan. Bu yerda u mashhur olimlardan taʼlim olgan, fors, moʻgʻul va turk tillarini oʻrgangan hamda adabiyot va ilohiyot bilan shugʻullangan (1401—08). U Xorazm, Moʻgʻuliston, Xitoyda va Oltin Oʻrda poytaxti Saroyda boʻlgan. Hoji Tarxon (Astraxon) da huquq fani bilan shugʻullangan. Qrim orqali Adrianopolga kelgan. 10 yil davomida turk sultoni Muhammad I ning maxsus kotibi boʻlgan. I. A. bir necha tarixiy kitob yozgan. "Gʻurrat us-siyar fi duvalitturk va-ttatar" ("Turk va tatar xalqlari davlatlaridagi siyratlar sarasi") asari Oltin Oʻrda haqidagi koʻp maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Ammo bu asar saqlanmagan. I. A. ning "Fukoxat ul-xulafo va mufokahat uz-zurafo" ("Xalifalarning hozirjavobligi va farosatlilarning hazil-kashligi") asari ham bor. I. A. tarjimon sifatida Avfiyning "Javomiʼ ulhikoyot va lavomiʼ ur-rivoyot" ("Hikoyalar majmuasi va rivoyatlar jilvasi"), Abu Laysning "Tafsir" ini fors tilidan turkchaga tarjima qilgan. "Ajoib ul-maqdur fi axbori Temur" ("Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari") I. A. ning eng mashhur asaridir. Bu asar "Amir Temur tarixi" nomi bilan oʻzbek tilida ham nashr etilgan.

I. A. Amir Temurga nisbatan dushmanlik ruhidagi mualliflar jumlasidan edi. Bu hol uning asarida toʻla aks etdi. Shunga qaramay, I. A. asarida Temur davlati va unga chegaradosh mamlakatlar siyosiy, xoʻjalik va madaniy turmushini qoʻshimcha ravishda oydinlashtirib beruvchi koʻpdan-koʻp diqqatga sazovor maʼlumotlarni keltirgan.

I. A. Amir Temurga naqadar salbiy nazar bilan qaramasin, har holda uning shaxsini munosib baholagan: "Yetmish yoshli Temurning fikrlari hali ham qatʼiy, jismoniy jihatdan kuchli va baquvvatdir... U istehzo va soxtalikni yoqtirmaydi, baxtsiz hodisa roʻy berganda gʻamga botmaydi, doim sergak va mardona turadi, uning oldida hamma itoatgoʻy boʻlib qoladi va hurmat bajo keltiradi. U mard va jasur odamlarni yoqtiradi... U masalaning moqiyatini darhol payqab oladigan mohir bahschi edi. U farosati bilan haqgoʻy — yolgʻonchini darrov farqlar edi, samimiy maslahatchilarni soxta nasihatgoʻylardan farqdar edi".

Adabiyot tahrir

  • Amir Temur tarixi (1-, 2-kitoblar; soʻz boshi, arab tilidan tarjima va izohlar muallifi U. Uvatov), T., 1992.

Ubaydulla Uvatov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil