[1]Inersial sanoq sistemasi - Nyutonning hamma qonunlari amalga oshadigan sanoq sistemasi. Bunda har qanday jism oʻzining tinch holatini yoki toʻgʻri chiziqli tekis harakatini unga boshqa jism tomonidan taʼsir koʻrsatilib, uning shu holatini oʻzgartirishga majbur qilmagunicha saqlaydi. Inersial sistemaga nisbatan toʻgʻri chiziqli va tekis harakatlanayotgan har qanday sistema ham inersial sistema hisoblanadi. Tabiat qonunlarining ifodalari turli I. s. s.da bir xil koʻrinishga ega (qarang Nisbiylik prinsipi); moddiy nuqtaning tezligi yorugʻlik tezligidan koʻp marta kichik boʻlganda uning turli I. s. s.ga nisbatan harakatlari orasidagi boglanish Galiley almashtirishlari bilan, tezligi yorugʻlik tezligiga yaqin hollarda esa Lorens almashtirishlari bilan ifodalanadi.

Har qanday yakkalangan sistemani I. s. s. sifatida qabul qilish mumkin. Ammo tabiatda tashqi taʼsirlardan holi mutlaq yakkalangan sistema mavjud boʻlmagani uchun I. s. s. ideallashtirilgan mavhum tushunchadir. Amalda I. s. s. sifatida taqriban Yer, Quyosh, galaktika markazi yoki tekis harakatlanayotgan poyezd qabul qilinadi va ularga nisbatan jismlar harakati oʻrganiladi. Makon, osmon mexanikasi va kosmonavtika masalalarini hal qilishda I. s. s. sifatida, asosan, Quyosh massasining markazi qabul qilinib, ularning oʻqlari uchta yulduzga qaratiladi. Koʻpgina masalalarni hal etishda I. s. s. sifatida Yer qabul qilingan. Shunday qilib, turli moddiy sistemalar turlicha darajada inersialdir.

Sanoq sistemalarining inersialligi masalasi fizik maydonlarni hisobga olish zarur boʻlganda murakkablashadi. Darhaqiqat, nisbiylik nazariyasi shuni koʻrsatadiki, gravitatsiya maydoni hisobga olinganda butun fazoda I. s. s. mavjud emas; lekin kichik vaqt oraligʻida va fazoning yetarli darajada kichik sohasi uchun lokal galiley I. s. s. kiritilishi mumkin.

I. s.s . ga nisbatan tezlanishli harakatlanayotgan sistemalar noinersialdir. Harakatni tavsiflash uchun noinersial sanoq sistemalari tanlangandagi nazariya umumiy nisbiylik nazariyasi deyiladi.[2]

Manbalar tahrir

  1. Axmadjonov, Azmjon (20072908). „Errata“. Physics Physique физика. 1-jild, № 3. 201–202-bet. doi:10.1103/physicsphysiquefizika.1.201. ISSN 0554-128X. {{cite magazine}}: sana kiritilishi kerak boʻlgan parametrga berilgan qiymatni tekshirish lozim: |date= (yordam)
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil