Jamiyatning siyosiy tizimi — davlat sifatida tashkil topgan jamiyatning muayyan siyosiy vazifalarni amalga oshiruvchi ijtimoiy muassasalari majmui. Davlat, partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar, shuningdek, siyosiy maqsadlarni koʻzlovchi barcha tashkilot va harakatlarni oʻz ichiga oladi. Jamiyatning siyosiy tizimining bosh bugʻini davlatdir. Davlat jamiyatning ijtimoiy muassasalari huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi. Siyosiy tizim — davlat ichki tuzilishi jihatlarining oʻzaro aloqalari va taʼsirining eng muhim, doimiy xususiyatlarini ifodalovchi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimi ham boʻlib, siyosiy hokimiyatni, umuman davlat muassasalari tizimini va ularning asosiy tashkiliy shakllarini belgilab beradi. Siyosiy tizim har bir mamlakatning mavjud shart-sharoitlari bagʻrida shakllanadi, odatda, mamlakat konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qoʻyiladi. Jamiyat demokratlasha borgan sari siyosiy tizimning xilma-xil koʻrinishlari oʻz faoliyatini namoyon eta boradi. Xalqning keng qatlami va turli yosh, kasb hamda soha vakillarining bu tizimda ishtirok etish imkoniyati kuchayadi.

Oʻzbekistonning siyosiy tizimi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, shu asosda qabul qilingan qonunlar hamda boshqa rasmiy hujjatlarda oʻz ifodasini topgan, hokimiyatni qonun chiqaruvchi hokimiyat, iekro etuvchi hokimiyat va sud hokimiyatita taqsimlash tamoyili asosida tuzilgan. Oʻzbekistonda qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar (Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP), Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi, Oʻzbekiston „Adolat“ sotsialdemokratik partiyasi), „Xalq birligi“ harakati, Yoshlarning „Kamolot“ ijtimoiy harakati, diniy tashkilot va birlashmalar, ijtimoiy jamgʻarmalar faoliyat koʻrsatadi. Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman), inson huquqlari boʻyicha respublika milliy markazining faoliyati inson huquqlariga rioya etishni umummillat darajasida rivojlantirishga qaratilgan. Oʻzbekistonning siyosiy tizimi hozirgi davrdagi ilgʻor demokratik davlatlar tajribasini oʻzida aks ettiradi[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil