Kasb kasalliklari - yomon mehnat sharoitlari va kasbga aloqador zararlarning organizmga taʼsiri natijasida paydo boʻladigan kasalliklar. Kasb kasalliklarining kechishi unga sabab boʻlgan zararli omillarning oʻziga xosligi, kuchi, davomiyligi va ularning birgalikdagi taʼsiriga bogʻliq. Kasb kasalliklarining zararli omillarini hisobga olgan holda belgilanadi. Kasb kasalliklarining fizik (kasbga aloqador karlik, vibratsiya kasalligi, nur kasalligi, kesson kasalligi, balandlik kasalligi va boshqalar), biologik (infeksion va parazitar kasalliklar: brutsellyoz, kuydirgi) va kimyoviy omillar taʼsirida (qarang Zaharlanish), baʼzi changlar uzoq vaqt nafasga olinganda (pnevmokonioz, bronxit va boshqalar), shuningdek, jismoniy zoʻriqqanda yoki shikastlanganda (nevrit, bursit) vujudga keladigan turlari farq qilinadi. Kasb kasalliklarining kelib chiqishiga organizmning oʻta toliqishi va kasallikka qarshi kurasha olish faoliyatining pasayishi ham sabab boʻladi.

Oʻzbekistonda kasb kasalliklarining roʻyxati va tegishli tavsiyanomalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. I. ch. texnologiyasining takomillashtirilishi, i.ch. jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirishning keng joriy etilishi, mehnat va dam olishning meʼyorida tashkil qilinishi, zararli korxonalarda qisqartirilgan ish kuni belgilanishi tufayli kasb kasalliklari kamayib bormoqda. Kasb kasalliklarini oldini olish, davolash, mexnat muhofazasini tashkil kilish ishlari bilan Oʻzbekiston Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti shugʻullanadi. [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil