Kinshasa (1966-yilgacha Leopoldvil) — Kongo Demokratik Respublikasining poytaxti. Kongo daryosining soʻl sohili buylab 15 km ga choʻzilgan. K. — provinsiya huquqiga tenglashtirilgan alohida maʼmuriy birlik. Aholisi 4,8 mln. kishi (1998). Iqlimi subekvatorial iqlim. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 22°, aprelniki 27°. Yillik yogʻin 1359 mm.

Shahar 1881-yildan qurila boshlagan va Belgiya qiroli Leopold II nomiga qoʻyilgan. 1926—60 yillarda Belgiya mustamlakasining maʼmuriy markazi. 1960-yil dan Kongo Respublikasi (1964-yildan Kongo Demokratik Respublikasi), 1971—97 yillar Zair Respublikasi poytaxti.

K. — mamlakatning asosiy savdotransport, sanoat, moliya va madaniyat markazi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakat tashqi savdosining koʻp qismi K. orqali oʻtadi. K. portida yillik yuk ortib-tushirish 2 mln. t atrofida. Kinshasa orqali Kongo daryosi quyi qismidagi Matadi dengiz porti bilan bogʻlangan. K.dan Brazzavil shahriga parom qatnaydi. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn poyabzal, kimyo, mashinasozlik, yogʻochsozlik, kemasozlik sanoati, kema remonti, elektr priborlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari korxonalari, oyna va shisha idishlar zavodi bor. Maluku rayonida yirik metallurgiya kompleksi qurilgan. Milliy universitet, institutlar, Nafis sanʼat milliy akademiyasi, Geogr. ilmiy tadqiqot instituti, Geol. xizmati ilmiy muassasasi, Tropik tibbiyot instituti (1899), Afrika sanʼati muzeyi, hayvonot bogʻi va boshqa bor.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil