Klub (ing. club) — bir maqsad yoʻlida uyushgan (maslakdosh, hamkasb) kishilarning siyosiy, ilmiy, badiiy, sport va boshqa sohalar boʻyicha shugʻullanishi, koʻngilli dam olishi uchun xizmat qiladigan madaniy-maʼrifiy muassasa, jamoat tashkiloti. Dastlab Angliya (16-asr)da vujudga kelgan. Fransiya (18-asr)da burjua inqilobi davrida keng tarqalgan, turli maslakdoshlar (mas, yakobinchilar) uchrashib turadigan K.larda siyosiy masalalar muhokama qilingan. Rossiyada birinchi K. Peterburg (1770)da "Ingliz klubi" nomi bilan tashkil qilingan. Ishchi Klublari dastlab Angliya (1800)da, keyinchalik Rossiya (1905—07)da tashkil topgan.

Oʻzbekistonda birinchi Klub rus badavlat kishilari, harbiylar, amaldorlar va boshqa uchun tashkil etilgan (1869). K. aʼzolari va ularning oilalari uchun bal, maskarad va raqslar hamda vokal va adabiy kechalar, dramatik koʻrsatuvlar tashkil qilingan. Ishchi Klublari dastlab Toshkent (1924)da tashkil topgan. 30-yillardan fabrika va zavodlar qoshida, kolxoz va sovxoz markazlarida ishchi-yoshlar Klublari bir xil loyihalar asosida qurila boshladi. Unda tomosha zali (sahnasi bilan), toʻgarak mashgʻulotlari uchun xonalar, kutubxona va boshqa boʻlgan. Ya na q. Madaniyat saroylari va uylari.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil