Koʻkcha-3 qabristoni – Tozabogʻyop madaniyatiga mansub jez davri qabristoni (miloddan avvalgi 13—11-asrlar). Xorazmdagi Koʻkcha togʻidan 5 km jan.rokda, Amudaryoning qad. oʻzani – Oqchadaryoning jan. havzasida. 1954—59 yillarda SP. Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi topib oʻrgangan. K.-Z q. 100 dan ortiq dafn qilingan mayyitlar qabrlaridan iborat boʻlib, ulardan 74 tasi qazib ochildi. Baʼzi qabrlarga bittadan va ayrimlariga ikkitadan turli jinsga mansub oʻliklar koʻmilgan. Erkaklar oʻng yoni, ayollar esa chap tomoniga yotqizib qoʻyilgan. Jasadlar boshi tepasida 1 yoki 2 ta idish mavjud. Ayollar dafn qilingan qabrlardan jez bilaguzuk va ziraqlar, jez va aqiq munchoqlar, erkaklar koʻmilgan qabrlardan esa dastasi suyakdan qilingan toʻrt qirrali jez bigizlar, jez pichoqlar hamda turli-tuman qurollar topildi. K.-Z q.dan chiqqan sopol idish va jez buyumlar sirti koʻpincha ilon izi yoki boshoqsimon shakllar bilan bezatilgan. Tadqiqotlarga koʻra, koʻkchaliklar, asosan, chorvachilik qisman daryo oʻzanlari boʻyida dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan. Ular Volga boʻylarida yashagan Yogʻochband madaniyati va Andropove madaniyatiga mansub qabilalar bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqada boʻlgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil