Koʻkpatos togʻlari — Markaziy Qizilqum (Navoiy viloyati)dagi togʻlar. Boʻkantovning janubi-sharqiy tarmogʻi. Balandligi shimoliy -gʻarbdan (369 m) janubi-sharqqa (480 m, Taraboy choʻqqisi tomon) oʻzgarib boradi. U Aytimtovning Boʻkantov bilan tutashgan joyidan boshlanib janubi-sharqqa tomon yoʻnaladi. Oʻz. 55 km, eni janubi-sharqda 12-15 km. Koʻkpatos togʻlari yirik antiklinal strukturadan iborat boʻlib, quyi devonning ohaktosh, ohaktoshli konglomerat, oʻrta karbonning qumtosh, alevrolit, argillit, konglomerat (yuqori boshqird kichik yarusi), kremniyli jinslar (qalinligi 900 m) va kvarsit, qumtoshdan tashkil topgan. Achchiq tarkibli granitoid jinslari introʻziyalari — granodiorit, granit va alyaskit formatsiyalaridan iborat.

Koʻkpatos togʻlari yon bagʻirlari quruq soylar oʻzani bilan parchalangan. Janubida joylashgan Mingbuloq botigʻida togʻdan suv oqimi bilan keltirilgan jinslar toʻplangan. Konus yoyilmalari qoʻshilishidan togʻ etagida keng prolyuvial shleyf tarkib topgan. Koʻkpatos togʻlarining botiqqa qaragan janubiy tomoni zinapoyasimon pasaygan. Yon bagʻirlarining yalangʻoch qismida tuproq qoplami yoʻq. Dagʻal elyuviy va prolyuvial yotqiziqlarda yupqa toshloq boʻz-qoʻngʻir tuproqlar tarkib topgan. Ularda shuvoq, keyreuk, biyurgʻun va boshqa giyoxlar siyrak oʻsadi. Yaylovlar mahsuldorligi gektariga oʻrtacha 1—3 s. Qorakoʻl qoʻylarini boqishda foydalaniladi. Togʻning gʻarbiy Koʻkpatos aholi punkti yaqinidan oltin qazib chiqariladi. Koʻkpatos togʻlarida fosforit va boshqa rudalar ham topilgan, ulardan foydalanish ishlari boshlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil