Koʻragon (moʻgʻulcha — kuyov) — Chingizxon xonadoniga mansub malikalarga uylangan shaxslarga berilgan unvon. Tarixiy manbalarga qaraganda, Chingizxonning otasi Yasugay bahodir oʻgʻliga sovchi boʻlib Daychechenning huzuriga borganda, u "Mayli qizimni beray, sen esa oʻgʻlingni "kuyov" (gurgen-kurgen) qilib tashlab oʻzing ketaber", deydi. Yasugay bahodir 9 yoshli oʻgʻli Chingiz — Temuchinni Daychechen xonadonida "kuyov" qilib qoldirgan. Chingizxon va uning avlodlari qizlariga uylangan qator shaxslar K. unvonini olganligi bilan faxrlanib yurganlar. K. Movarounnahrda moʻgʻullar istilosidan soʻng isteʼmolda boʻlgan. Amir Temur va Temuriylar davrida bu unvon kishi ismiga qoʻshib aytilgan. Jumladan, Amir Temurning o'zi ham K. unvoniga ega bo'lib, Amir Temur 1370-yili Amir Husaynni yenggach uning haramida bo'lgan Qozonxon ibn Yasavurning qizi Saroymulk xonimga uylanishi natijasida K. unvoniga ega chiqadi[1]. Bu unvonga erishishi ham Amir Tamur uchun o'z hokimiyati legitimligi uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Shu bilan birga 1397-yili Amir Temur Mo'g'uliston xoni Xizrxo'jaxonning qizi sanalmish Tavakkul(Tukal) xonimga uylanadi[2]. Natijada ikki karra K. unvoniga ega chiqadi. Bu holat Islom olamida huddi Usmon ibn Affon r.a ning "Zunnurayn" unvoniga ega chiqishi kabi holatning yana bir ko'rinishi edi. Shuningdek, Temuriy hukmdorlardan Mirzo Ulugʻbek, Mironshoh Mirzo, Abu Said Mirzo va boshqalar K. unvoniga ega bo'lishgan. Temuriylar zarb etgan tangalarda ham "K." unvoni bitilgan. K. unvoniga ega amirning boshqa amirlarga qaraganda imtiyozlari katta boʻlgan.[3]

Manbalar tahrir

  1. Йаздий, Шарафуддун Aли. Зафарнома / / Сўз боши, табдил, изоҳлар ва кўрсаткичлар муаллифи ва нашрга тайёрловчилар: А. Аҳмад, Ҳ. Бобобеков: Масъул муҳаррир Б. Эшпўлатов. Нашрлар ва матбаачилар гуруҳи: И. Шоғуломов ва бошқалар// Т.: Шарқ, 1997. — 384 б.. 
  2. Низомиддин Шомий. Зафарнома // форс тилидан таржимон - Ю. Ҳакимжонов, масьул муҳаррир - А. Ўринбоев // Т.:ЎЗБЕКИСТОН. 1996 й. 223б. 
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil