Koala, xaltali ayiq (Phascolarctos cinereus) — xaltali sutemizuvchilar kenja sinfiga mansub hayvon. Tanasining uzunligi 0,6m gachacha, qulogʻi katta. Oyogʻi 5 barmoqli, tirnogʻi baquvvat, daraxtda yurishga moslashgan, dumsiz. Koʻrinishi ayiqqa oʻxshash. Moʻynasi uzun va yumshoq, yelkasi kulrang, qorni oq. Sharqiy Avstraliya oʻrmonlarida yashaydi. Tunda faol. Barg va kurtaklar bilan oziqlanadi. Ogʻiz boʻshligʻida oziq saqlovchi qopchigʻi boʻladi. Ikki yilda bir marta tugʻadi, boʻgʻozlik davri 30—35 kun. Bolasini xaltasida olib yuradi, kattaroq boʻlganida opichib oladi; 12—20 yil yashaydi. Moʻynasi uchun koʻplab ovlanganidan soni kamayib ketgan. Ovlash taqiqlangan.[1]

Koala tashqi koʻrinishidan ayiqqa oʻxshaganligi sababli uni „Xaltali hayvon“ deb ham atashadi. Jun qoplamasi qalin va yumshoq, rangi kulrang. Xaltasi yaxshi rivojlangan va orqa tomondan ochiladi.Koala daraxtda yashash uchun moslashgan. Uning old oyogʻining birinchi va ikkinchi barmogʻi va orqa oyogʻining birinchi barmogʻi boshqa barmoqlariga qarama — qarshi tartibda joylashgan. Sharqiy Avstraliyaning evkalipt oʻrmonlarida yashaydi. Evkaliptning bargli shoxlari bilan oziqlanadi. Tungi hayotga moslashgan. Yakka yoki uncha katta boʻlmagan guruh holida hayot kechirishadi. Guruhga voyaga yetgan erkak Koala boshchilik qiladi. Koʻpayish davri sentyabrdan maygacha davom etadi. Homiladorlik davri 30 sutkalar atrofida davom etadi. Yangi tugʻilgan Koala bolasini payqash qiyin : ular atigi ikki santimetrcha keladi. Bunday mitti jonzotlar mustaqil harakat qilishga qodir boʻlmaydi va maʼlum vaqt maxsus xaltada — xuddi kenguruda boʻlgani kabi, urgʻochi Koala ayigʻi qornidagi chuqur taxlama teri xaltachada sayohat qilib oʻsadi. Bitta goʻdak Koala xaltada 6 oygacha yashashi mumkin. Bu davrda agar yana bir Koalacha dunyoga kelsa xaltada ikkovlashib yashayveradilar. Ayiqcha onasining xaltasiga sigʻmay qolgan chogʻda ham onasidan ajragisi kelmaydi. Sakkiz oylik boʻlganda u onasini opichib oladi va shu yoʻsinda onasi orqasida sayohatini davom ettiradi. Ona koala oʻz bolasini yana ikki yarim yil, ayiqcha mustaqil yashashga qodir boʻlguncha koʻtarib yuradi. Koala bir vaqtlar juni uchun ovlangan. Ammo, ularning soni nihoyatda kamayib ketgani uchun ovlash taʼqiqlab qoʻyilgan. Natijada, Koalalar soni yana koʻpaya boshladi. Baʼzi zoologlar Koalalarni alohida oilaga ajratadilar. Koalalar bir muncha besoʻnaqay va nihoyatda xushfeʼl jonivordir. Ular faqat Avstraliyada yashaydi va ularni dunyoning birorta ham hayvonot bogʻida uchratib boʻlmaydi. Sababi shundaki, bu xaltali ayiqlar oziqlanish borasida juda tanlovchan boʻladi. Ular faqat evkalipt barglarini yeydi va bunda ham duch kelganini emas, yilning turli fasllarida koala turli evkaliptlar barglarini yeydi, maʼlumki, bu daraxtlar ham faqat Avstraliyada oʻsadi. Koala soʻzi mahalliy qabilalardan birining tilida — „ichmaydi“ degan maʼnoni bildiradi. Bu hayvon haqiqatdan ham suv ichmaydi. Evkalipt barglari tarkibidagi suv uning uchun kifoya.

Koalaning boʻyi yarim metrdan, ogʻirligi 10 kg dan oshmaydi. U darxtlar ustida juda sekin, xuddi yarim uyquda karaxt boʻlib qolgandek harakatlanadi; odatda, bir darxtning barglari tamom boʻlgunicha shu darxtda yashaydi, taxminan bir oydan keyingina ikkinchi darxtga oʻtadi. Koalaning yangi tugʻilgan bolasi ham juda kichkina — atigi 2-4 sm kattaligida boʻlib, 5-6 oygacha onasining xaltasida yashaydi, shu davr ichida uning boʻyi 17-18 sm ga yetib qoladi. Keyin ona chaqalogʻini 5-6 oy opichib yuradi. Bir yoshga toʻlgach, koala mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Avstraliyadagi maxsus joylarda boqiladigan koalalar odamga oʻrganib qolishadi. Yovvoyi koala ham odamdan hayiqmaydi. Shovqin-suronni pisand qilmaydi, beparvo uxlayveradi. Koala jarohatlansa, boshqa hayvonlardek dargʻazab boʻlmaydi, qoʻllari bilan koʻzini berkitib yigʻlay boshlaydi. Avstraliyaliklar koalaga haddan tashqari mehribon. Ammo koalalar qirilib, juda kamayib qolgan.

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar tahrir