Konsern — rasmiy jihatdan mustaqil boʻlgan, koʻp tarmoqli korxonalar (sanoat, savdo, transport va bank kabi turli soha korxonalari) ning majmuini oʻz ichiga oluvchi birlashma. Odatda bunday birlashma maʼlum ishlab chiqarish faoliyatini bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirish uchun zarur boʻlgan turli soha korxona va tashkilotlaridan tuziladi. Bunda bosh tashkilot qolgan ishtirokchilar faoliyati ustidan moliyaviy nazorat olib boradi. Hozirda sunʼiy monopoliyalarning sanab oʻtilgan shakllari orasida konsernlar keng tarqalgan.

Konsern (concern — ishtirok, manfaat) — manfaatlar, shartnomalar, kapital, hamkorlikdagi faoliyatda ishtirok umumiyligi asosida uyushgan korxonalarning yirik birlashmasi. Konsern diversifikatsiyasn asosida tarkib topadigan yirik, koʻp tarmoqli korporatsiya. Aksariyat hollarda korxonalarning bunday guruhlari shu korxonalar aksiyalarining asosiy qismini oʻz qoʻlida toʻplagan bosh korxona (xolding) atrofida birlashadi. K. tarkibiga (sanoat, transport, savdo, bank sohasi) turli tarmoqlarga tegishli, ayrim hollarda, dunening koʻpgina mamlakatlarida joylashgan oʻnlab va yuzlab korxonalar ixtiyoriy asoslarda kiradi. Turli mintaqalarda joylashgan, ayrim tovarlarni ishlab chikaradigan va K.ga nominal kiradigan korxonalar bosh kompaniyaning shoʻʼba filiallari, shoʻʼba kompaniyalari hisoblanib, oʻz xoʻjalik mustaqilligini saqlab qoladi. Amalda K. tarkibidagi korxonalar ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish taraqqiyoti, shuningdek, investitsiya, moliya, tashqi iqtisodiy faoliyat, korxonalarga xizmat koʻrsatishni tashqil etish sohalaridagi vazifalarni markazlashtirish asosida faoliyat koʻrsatadi. Korxonalar umumiy moliya, yagona ilmiy-texnika potensiali va kooperatsiyalashgan barqaror aloqalarga ega boʻladi. Ayrim K.lar murakkab mahsulotlarni tayyorlashning jami ishlab chiqarish tsiklini amalga oshirish mumkin. Tarmoq va tarmoqlararo K.lar bor. Bir korxona faqat bir K.ga kira oladi.

K. dastlab Birinchi jahon urushi yillarida (1914—18) tashqil topgan. Hozirgi davrda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda sanoat, transport, savdo, bank, sugʻurta, aloqa, matbuot, radio-televideniye kompaniyalarini birlashtiradigan, xalqaro darajada faoliyat koʻrsatadigan, jahon mamlakatlarida shoxobchalari keng rivoj topgan K. bor. Xalqaro K.lar transmilliy K. deb ataladi.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitlarida Oʻzbekistonda 1991-yil oktabrdan boshlab moddiy ishlab chiqarish bilan bogʻliq tarmoq vazirliklari oʻrnida yirik K.lar tashqil qilindi ("Oʻzkimyosanoat", "Oʻzdavmashkonsern", "Radioelektrontexasbob", "Oʻzbaliq", "Oʻzavtoyoʻl" va boshqalar).

Qodirjon Yusupov.[1]

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil