Latishlar (oʻzlarini latviyeshi deb ataydilar) — xalq. Latviya Respublikasining asosiy aholisi (1390 ming kishi, 1990-yillar oʻrtalari). Rossiyada (47 ming kishi), shuningdek, Litva, Estoniya, Belarus, AQSH, Kanada, Shvetsiya va Avstraliyada ham yashaydilar. Umumiy soni 1,54 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari). Yevropeoid irqiga mansub. Latish tilida. soʻzlashadilar. Dindorlari, asosan, xristian protestantlar, Latgaliyada esa xristian katoliklar. L. etnogenezi tili va madaniyati litvalarta juda yaqin. L.ning ajdodlari Latviya hududiga miloddan avvalgi 3—2-ming yillikda kelib joylashgan boltiq qabilalari hisoblanadi. Milodiy 1-ming yillik boshida Boltiq dengizi boʻyida madaniy jiqatdan qardosh qabilalarning etnik uyushuvi sodir boʻlgan. Milodiy 1-ming yillik oxiri — 2-ming yillik boshlarida L.da ilk mulkdorlik munosabatlari vujudga kelib, yagona latish elati shakllana boshlagan. Bu jarayon 12-asr oxiri — 13-asr boshida nemis — salibchilarining L. yeriga bostirib kirishi natijasida toʻxtab qolgan. 16—17-asrlarda Latviyaning bir qismi Rech Pospolita va Shvetsiya oʻrtasida taqsimlangan. 1525-yil latish tilida ilk kitob nashr etilgan. 19-asr oʻrtalarida latish millati shakllangan. L.ning anʼanaviy mashgʻulotlari — dehqonchilik va chorvachilik, dengiz boʻyida — baliqchilik, toʻqimachilik, temirchilik, kulolchilik, yogʻochni qayta ishlash sanoati rivojlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil